Logo

Uylarni «rassrochka»ga sotib olish taqiqlanmaydi — Adliya vazirligi

Bugun 11:551 daqiqa

Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali sotib olish cheklanishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Uylarni «rassrochka»ga sotib olish taqiqlanmaydi — Adliya vazirligi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ-294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyatini tartibga solish tartibi belgilangan edi.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda «Endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydi» mazmunidagi xabarlar tarqalib, jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlikka ko‘ra, yangi talablar fuqarolarning quruvchidan bevosita «rassrochka» asosida uy sotib olish huquqini bekor qilmaydi. Faqat 2027-yildan boshlab bunday uyni vositachi bo‘lgan muddatli to‘lov operatorlari orqali rassrochkaga sotib olib bo‘lmaydi.

Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari iste’molchilarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar hisoblanadi. Biroq ko‘chmas mulk bunday operatorlar ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obekti bo‘la olmaydi.

Uyni quruvchidan bevosita sotib olish mumkin

Adliya vazirligi qarorda sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovar yoki xizmatni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilinganini ta’kidladi.

Shuning uchun quruvchi o‘zi barpo etgan uy-joyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishda davom etishi mumkin. Ya’ni fuqarolar 2027-yildan keyin ham quruvchining o‘zi bilan shartnoma tuzib, uy-joyni «rassrochka»ga sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid