Xivada 12 gektarlik xalqaro turizm shaharchasi quriladi
Shaharda tarixiy meros va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan yangi majmua paydo bo‘ladi.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida barpo etilishi rejalashtirilgan xalqaro turistik shaharcha loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi turistik shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda barpo etiladi. Uning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning ko‘p asrlik shaharsozlik an’analari, jumladan, 1511 yilda Xiva xonligining ilk poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘i asos qilib olingan.
Shaharcha Ichan-qal’aga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirish, sayyohlarga yangi xizmatlar va yo‘nalishlar taklif etish uchun tashkil etiladi.
Turistlar uchun yangi majmua
Umumiy maydoni 12,3 gektar bo‘lgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo hamda xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etiladi.
Hududning katta qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratiladi. Shuningdek, sharsharali favvoralar va ichki ariqlar barpo etiladi.
Avtoturargohlarda quyosh panellari o‘rnatilgan soyabonlar bo‘lishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda aholi uchun avtomobillar harakatidan xoli yashil dam olish hududlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Turizm oqimi o‘smoqda
Xorazmda turizm infratuzilmasi so‘nggi yillarda sezilarli kengaygan. Oxirgi to‘qqiz yilda viloyatda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilgan, mehmonxona fondi esa to‘rt barobar oshgan.
Shu davrda 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirilgan. So‘nggi besh yilda Xorazmga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni esa 10 karra ko‘paygan.
Turizm va transport infratuzilmasining rivojlanishi sayyohlar oqimini yanada oshirayotgani qayd etilmoqda.





