Logo

Yangilangan reytingda qaysi banklar yuqoriladi, qaysilari pasaydi?

Bugun 20:254 daqiqa

Uchinchi chorakda 34 ta bank faoliyati baholandi. «Ipak Yo‘li Bank» va «Xalq banki» yirik banklar orasida eng ko‘p pog‘ona ko‘tarilgan bo‘lsa, kichik banklar reytingida «Garant Bank» yetakchi o‘sishni qayd etdi.

Yangilangan reytingda qaysi banklar yuqoriladi, qaysilari pasaydi? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yilning III choragi yakunlari bo‘yicha «Banklar faollik indeksi» asosida tijorat banklarining yangilangan reytingini e’lon qildi.

Tadqiqotga O‘zbekistondagi 34 ta tijorat banki kiritilgan. Ularning 20 tasi yirik, 14 tasi esa kichik banklar guruhida baholangan.

Indeks banklar faoliyatini 7 ta yo‘nalish bo‘yicha birlashtirilgan 27 ta subindikator asosida baholaydi. Jumladan, moliyaviy vositachilik va moliyaviy ommaboplik, kapital yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati hamda likvidlilik ko‘rsatkichlari hisobga olinadi.

Baholashda banklarning ko‘rsatkichlari bank tizimi bo‘yicha o‘rtacha natijalar va xalqaro me’yorlar, jumladan, Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi talablariga taqqoslanadi.

Yirik banklar reytingida kimlar yuqoriladi?

2026 yilning III choragida 20 ta yirik bankdan 10 tasining umumiy reytingdagi o‘rni o‘zgarmagan. Beshta bank yuqoriga ko‘tarilgan, yana beshtasi pasaygan.

Dastlabki to‘rtta o‘rin saqlanib qolgan. «Kapitalbank», «Hamkorbank», «Asia Alliance Bank» va «Trastbank» yirik banklar reytingining yetakchilari bo‘lib qolmoqda.

1

Shu bilan birga, «Ipak Yo‘li Bank» uch pog‘ona yuqorilab, kuchli beshlikka kirgan. Eng yuqori o‘sish ham ushbu bank va «Xalq banki»da kuzatilgan — har ikkisi reytingda uch pog‘onaga ko‘tarilgan.

Aksincha, «Ipoteka bank» va «Anorbank» uch pog‘onadan pasaygan. Bu yirik banklar orasidagi eng sezilarli pasayish bo‘lgan.

Banklar faoliyatining qaysi yo‘nalishlarida o‘zgarishlar kuzatildi?

Indeksning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha natijalar banklar faoliyatidagi turli tendensiyalarni ko‘rsatmoqda. Eng yuqori ijobiy dinamika moliyaviy ommaboplik va moliyaviy vositachilik yo‘nalishlarida qayd etilgan. Kapital yetarliligi va aktivlar sifati bo‘yicha esa o‘z o‘rnini yo‘qotgan banklar soni yaxshilangan banklar sonidan ko‘p bo‘lgan.

Moliyaviy ommaboplik. Ushbu yo‘nalishda 9 ta yirik bankning natijasi yaxshilangan, 5 tasiniki pasaygan, 6 tasi esa o‘z o‘rnini saqlab qolgan.

«Asia Alliance Bank» uch pog‘onaga ko‘tarilib, eng yaxshi o‘sishni qayd etgan. «O‘zbekiston Milliy banki» va «Asakabank» ikki pog‘onadan yuqorilagan. «Tenge Bank» esa yetti pog‘ona pasaygan.

Moliyaviy vositachilik. Yetti bank yuqorilagan, oltitasi pasaygan, yana yettitasi avvalgi o‘rnini saqlab qolgan.

«Mikrokreditbank» besh pog‘onaga ko‘tarilib, eng yuqori o‘sishni ko‘rsatgan. «Ipak Yo‘li Bank» uch, «Davrbank» esa ikki pog‘ona yuqorilagan. «Turonbank» sakkiz pog‘ona pasayib, ushbu yo‘nalishda eng katta pasayishni qayd etgan.

Aktivlar sifati. Olti bankning ko‘rsatkichi yaxshilangan, sakkiztasining o‘rni pasaygan, oltitasi esa o‘z pozitsiyasini saqlab qolgan.

«Trastbank» besh pog‘ona, «Asakabank» uch pog‘ona yuqorilagan. «Biznesni rivojlantirish banki» uch pog‘ona pasaygan. «O‘zsanoatqurilishbank» va «Aloqabank» esa ikki pog‘onadan yo‘qotgan.

Kapital yetarliligi. Olti bank yuqorilagan, sakkiztasi pasaygan, yana oltitasi avvalgi o‘rnida qolgan.

Eng katta o‘sish «Tenge Bank»da kuzatilib, u birdaniga 10 pog‘ona yuqorilagan. «Turonbank» uch pog‘ona ko‘tarilgan. «Ipak Yo‘li Bank», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» esa to‘rt pog‘onadan pasaygan.

Boshqaruv samaradorligi. Ushbu yo‘nalish boshqa ko‘rsatkichlarga nisbatan barqarorroq bo‘lgan: 20 ta bankdan 13 tasi o‘z o‘rnini saqlab qolgan, 3 tasi yuqorilagan, 4 tasi esa pasaygan.

«Kapitalbank» ikki pog‘ona ko‘tarilgan. «O‘zbekiston Milliy banki» va «Asakabank» bir pog‘onadan yuqorilagan. «Orient Finans Bank», «Xalq banki», «Davrbank» va «Agrobank» esa bir pog‘onadan yo‘qotgan.

Daromad olish salohiyati. Faqat ikkita bank o‘z o‘rnini yaxshilagan, to‘rttasi pasaygan, 14 tasi esa avvalgi pozitsiyasini saqlab qolgan.

«Xalq banki» va «Turonbank» ikki pog‘onadan yuqorilagan. «Kapitalbank», «Ipoteka bank», «Asakabank» va «Agrobank» esa bir pog‘onadan pasaygan.

Likvidlilik. Olti bank yuqorilagan, yettitasi pasaygan, yana yettitasi o‘z o‘rnini saqlab qolgan.

«Asakabank» to‘rt pog‘onaga ko‘tarilib, eng yaxshi natijani qayd etgan. «Trastbank», «O‘zbekiston Milliy banki», «Davrbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» ikki pog‘onadan yuqorilagan. «Infinbank» to‘rt, «Anorbank» esa uch pog‘ona pasaygan.

Kichik banklar orasida «Garant Bank» keskin yuqoriladi

Kichik banklar guruhida ham reytingdagi o‘zgarishlar kuzatilgan. 14 ta bankdan 10 tasining pozitsiyasi o‘zgargan: beshtasi yuqorilagan, beshtasi pasaygan, to‘rttasi esa avvalgi o‘rnini saqlab qolgan.

Yetakchi uchlik o‘zgarishsiz qolgan. «TBC Bank», «Universal Bank» va «AVO Bank» reytingning dastlabki uchta pog‘onasini saqlab qolgan.

Eng katta o‘sishni «Garant Bank» ko‘rsatgan. U bir chorakda olti pog‘ona yuqorilab, 14-o‘rindan sakkizinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Aksincha, «Hayot Bank», «Madad Invest Bank» va «Poytaxtbank» uch pog‘onadan pasaygan.

2

Teglar

Mavzuga oid

Yangilangan reytingda qaysi banklar yuqoriladi, qaysilari pasaydi? | Vaqt.uz