Logo

2026-yilda dunyoda ishsizlik darajasi: qayerda ish topish qiyin va qayerda oson?

Bugun 19:002 daqiqa

Yirik iqtisodiyotlardan tortib rivojlanayotgan mamlakatlargacha bo‘lgan hududlarda ishsizlik darajasi sezilarli darajada farq qiladi. Bu esa dunyo bo‘ylab mehnat bozoridagi vaziyat bir xil emasligini ko‘rsatadi.

2026-yilda dunyoda ishsizlik darajasi: qayerda ish topish qiyin va qayerda oson? © foto: laoistoday.ie

2026-yilda ayrim mamlakatlarda ishsizlik darajasi nisbatan past bo‘lishi kutilmoqda. Boshqa davlatlarda esa ish bilan ta’minlash borasida jiddiy muammolar saqlanib qoladi. Bunday farqlar iqtisodiy o‘sish sur’atlari, aholi tarkibi va har bir mamlakatdagi mehnat bozorining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq.

Xaritada 2026-yilda 103 ta mamlakatda ishsizlik darajasi qanday bo‘lishi prognoz qilingani ko‘rsatilgan. Ma’lumotlar Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) 2026-yil oktabr oyida e’lon qilingan «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» (World Economic Outlook) hisobotiga asoslangan.

rasm



Tahlil qilingan mamlakatlar orasida Sudanda ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lishi kutilmoqda — 59,5 foiz. Bu mamlakatda uzoq davom etayotgan qurolli mojarolar iqtisodiyotga katta zarar yetkazgan. Keyingi o‘rinda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) turibdi. U yerda ishsizlik darajasi 33,2 foizni tashkil etishi prognoz qilingan. Mehnat bozoridagi uzoq yillik muammolar millionlab odamlarni ishsiz qoldirmoqda.

Ishsizlikning yuqori darajasi hatto boy mamlakatlarda ham kuzatilmoqda

Yevropaning bir qator davlatlarida iqtisodiy rivojlanish darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, ishsizlik ko‘rsatkichlari ancha baland.

Yevropa mamlakatlari orasida mehnat bozoridagi farqlar ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Finlyandiyada 2026-yilda ishsizlik darajasi 10,2 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Bu Polshadagi 3,2 foizlik ko‘rsatkichdan uch baravardan ham yuqori. Finlyandiyada ichki talabning pastligi va qurilish sohasidagi uzoq davom etayotgan pasayish yangi ish o‘rinlari yaratilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Fransiyada ishsizlik darajasi 8,4 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Bu Germaniyadagi 4 foizlik ko‘rsatkichdan ikki baravardan ko‘proq. Bu paytda Germaniya sanoati hamon qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.

Shimoliy Amerikada esa AQSH mehnat bozorida boshqacha vaziyat kuzatilmoqda. Mamlakatda kompaniyalar yangi xodimlarni ishga olishga ham, mavjud xodimlarni ishdan bo‘shatishga ham shoshilmayapti. Shu sababli ommaviy ishdan bo‘shatishlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, yangi ish topish tobora qiyinlashmoqda.

Tailand, Vietnam, Yaponiya va Rossiyada rasmiy ishsizlik darajasi pastligicha qolishi kutilmoqda. Xitoy va Hindistonda ham bu ko‘rsatkich nisbatan past. Biroq ushbu ikki mamlakatda ishsizlik, ayniqsa, 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida keng tarqalgan. Masalan, Hindistonda ushbu yosh toifasi mamlakat aholisining qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Bu esa taxminan 367 million kishiga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt mehnat bozorini qanday o‘zgartirayotgani haqida yozgan edik. Jahon banki vakilining aytishicha, O‘zbekistonda ish beruvchilarning yarmidan ko‘pi malakali kadrlar yetishmasligini biznes rivojiga jiddiy to‘siq deb hisoblaydi.

Teglar

Mavzuga oid

2026-yilda dunyoda ishsizlik darajasi: qayerda ish topish qiyin va qayerda oson? | Vaqt.uz