1-noyabrdan haydovchilar uchun qanday yangi tartiblar kuchga kiradi?
Yangi oydan xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilar xususiy kameralar orqali aniqlanishi, ayrim yo‘l chiziqlarini bosganlik uchun jarima bekor qilinishi va Toshkentda avtobus yo‘laklari nazorati kuchaytirilishi kutilmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda 1-noyabrdan yo‘l harakati xavfsizligi va qoidabuzarliklarni qayd etish tartibiga oid bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Vaqt.uz haydovchi hamyurtlarimiz uchun barcha yangi talablarni bir yerga jamladi.
Xususiy kameralar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham aniqlaydi
Vazirlar Mahkamasining 29-oktabrdagi qarori bilan tadbirkorlar tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini foto va video qayd etish komplekslarini o‘rnatish shartlariga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, 1-noyabrdan tadbirkorlar o‘rnatgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi holatlarini ham aniqlashga ruxsat beriladi.
Buning uchun uskunalar belgilangan texnik talablarga javob berishi shart. Jumladan, tizim aniqlangan qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlarni “Ma’muriy amaliyot” moduliga avtomatik ravishda uzatishi kerak.
Bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mligini hisobga olsak, qonunchilikda xavfsizlik kamarini taqmaslik uchun jarima miqdori 220 ming 420 so‘mni tashkil etadi.
Yuboriladigan ma’lumotlar qatoriga metrologik qiyoslash guvohnomasining raqami va amal qilish muddati, qoidabuzarlik aniqlangan sana va vaqt, shuningdek, hodisa sodir etilgan joyning aniq koordinatalari kiradi.
Buldan tashqari, elektr ta’minoti uzilgan taqdirda tizim kamida 8 soat davomida ishlashini ta’minlaydigan zahira elektr manbaiga ega bo‘lishi lozim.
Kameralar olgan fotosuratlarda haydovchining yuzi hamda xavfsizlik kamaridan foydalangan yoki foydalanmaganligi aniq ko‘rinishi talab etiladi.
Kimlar xavfsizlik kamarini taqmasligi mumkin?
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, ayrim tibbiy holatlarda haydovchilar xavfsizlik kamarini taqish majburiyatidan ozod etiladi.
Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
● O‘mrov, to‘sh suyagi, yelka kamari va qovurg‘alar sinishi;
● chap o‘mrov suyagi chiqishi sababli o‘tkazilgan operatsiyalar va uning soxta bo‘g‘imi;
● umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;
● o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari va bronxial astmaning IV bosqichi;
● o‘pkaning interstitsial zararlanishi;
● o‘pkaning bir qismi yoki to‘liq olib tashlangan holatlar;
● surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya davri;
● og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari;
● tana massa indeksi 40 va undan yuqori bo‘lgan III darajali semizlik;
● bo‘yi 150 santimetrdan past bo‘lgan shaxslar;
● qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
● ko‘krak qafasidagi og‘ir allergik va dermatologik kasalliklar;
● o‘mrov, kurak, yelka, to‘sh suyaklari va qovurg‘alarda ichki yoki tashqi implantlar mavjudligi;
● ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq operatsiyalar;
● stomalar mavjudligi;
● ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar, jumladan, o‘smalar.
Aksariyat holatlarda tibbiy ma’lumotnoma bir yilgacha amal qiladi. Nanizm va o‘pkaning olib tashlanishi bilan bog‘liq holatlarda esa u muddatsiz beriladi.
2026-yil iyun oyidan boshlab haydovchilar ushbu tibbiy ma’lumotnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda yuklab olishlari mumkin.
Chorraha yaqinida ayrim yo‘l chiziqlarini bosganlik uchun jarima bekor qilinadi
1-noyabrdan chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida ayrim yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlangan haydovchilarga nisbatan YPX inspektorlari tomonidan jarima bayonnomasi rasmiylashtirilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 596-son qaroriga muvofiq, quyidagi masofalarda 1.1 (bir yaxlit) va 1.3 (ikkita yaxlit) yo‘l chiziqlarini bosib harakatlanish qoidabuzarlik hisoblanmaydi:
● chorrahagacha bo‘lgan 50 metr masofada;
● qayrilib olish joyigacha bo‘lgan 20 metr masofada.
Avvalroq avtomatik fotoradar va kameralar orqali yo‘l chiziqlarini bosish holatlarini qayd etish amaliyoti bekor qilingan edi. Biroq YPX xodimlari bunday holatlarni aniqlaganida ma’muriy jarima qo‘llash tartibi saqlanib qolgan.
Yangi o‘zgartirish bilan ushbu masofalar doirasida yo‘l chiziqlarini bosganlik uchun inspektorlar tomonidan ham jarima qo‘llash amaliyoti to‘xtatiladi.
Toshkentda avtobus yo‘laklaridagi nazorat kuchaytiriladi
Poytaxtda jamoat transporti uchun ajratilgan “A” tasmali yo‘laklardan noqonuniy foydalanishga qarshi nazorat choralari kuchaytiriladi. Bu xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 30-oktabrdagi qarorida belgilangan.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab avtobus yo‘laklarida yengil va shaxsiy avtotransportlarning noqonuniy harakatlanishi hamda to‘xtab turishiga qarshi doimiy nazorat tadbirlari kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, 15-dekabrga qadar avtobuslarning old qismiga harakat vaqtida qoidabuzarliklarni avtomatik qayd etuvchi mobil videokameralar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ushbu qurilmalar YHXBning yagona bazasi bilan integratsiya qilinishi kerak.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda “Toshshahartransxizmat” mas’ul etib belgilangan.
“A” tasmali yo‘laklardan kimlar foydalanishi mumkin?
Toshkentda alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish 2022-yil dekabr oyida boshlangan. Ushbu yo‘laklar jamoat transportining harakatini tezlashtirish va tirbandliklar ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.
Belgilangan tartibga ko‘ra, “A” tasmali yo‘laklarda avtobuslardan tashqari tez tibbiy yordam, yong‘in xavfsizligi va Ichki ishlar vazirligiga tegishli maxsus transport vositalari harakatlanishi mumkin.
Yangi nazorat choralari esa avtobus yo‘laklaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va bunday qoidabuzarliklarni avtomatlashtirilgan tartibda qayd etish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.





