Logo

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi nima beradi?

Bugun 14:114 daqiqa

Yevroosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo elektr tizimlarini integratsiya qilish yiliga 640 million dollargacha yalpi samara keltirishi mumkinligini ma’lum qildi. Ammo buning uchun mamlakatlar o‘zaro savdo va boshqaruv qoidalarini keskin o‘zgartirishi kerak.

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi nima beradi?

Markaziy Osiyo mamlakatlari elektr energetikasi sohasida o‘ziga xos yangi muammoga duch kelmoqda: mintaqada generatsiya quvvatlarini oshirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilayotgan bir vaqtda, mavjud elektr stansiyalari va uzatish tarmoqlaridan foydalanish samaradorligi hanuz pastligicha qolmoqda.

Yevroosiyo taraqqiyot bank» («YeOTB») 29-oktabr kuni «Chegarasiz energiya» nomli tadqiqotini e’lon qildi. Unda Markaziy Osiyo elektr tizimlarini chuqurroq integratsiya qilish, elektr energiyasi savdosini kengaytirish va mavjud infratuzilmadan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyatlari tahlil qilingan.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, mintaqada elektr tizimlarini integratsiya qilish yiliga 640 million dollargacha yalpi iqtisodiy samara keltirishi mumkin.

Tadqiqotda keltirilgan eng yorqin misollardan biri — 2024 yil 10-dekabrda mintaqaviy elektr tizimida kuzatilgan yuqori yuklama holatidir. O‘sha paytda Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga ulangan elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvati 36,4 GVt ni tashkil qilgan. Biroq talab eng yuqori nuqtaga yetgan vaqtda ularning faqat 28,8 GVt quvvatidan foydalanish imkoni mavjud bo‘lgan. Qariyb 6,6 GVt quvvat sovuq rezerv, gidrologik va yoqilg‘i cheklovlari, eskirgan uskunalar holati hamda elektr tarmoqlaridagi muammolar sababli umuman ishlatilmagan yoki cheklangan.

 «YeOTB»ning fikricha, quvvatlarning mavjudligi va ularni tizim bo‘ylab to‘g‘ri taqsimlash masalasi bugungi kunda mintaqaning eng asosiy energetik muammolaridan biriga aylangan.

$640 millionning qanchasi haqiqiy iqtisodiy samara bo‘ladi?

«YeOTB» hisobotida integratsiyaning uchta turli ssenariysi ko‘rib chiqilgan. Ularning bir-biridan farqi bevosita elektr tarmoqlarini birlashtirish darajasiga, zarur investitsiyalar hajmiga va mintaqaviy bozorning qanchalik rivojlanganiga bog‘liqdir.

 

 

 

Integratsiya ssenariysi

Yalpi samara

Yillik xarajat

Sof samara

Qisman integratsiya

$193 mln

$75 mln

$118 mln

Chuqurroq integratsiya

$398 mln

$275 mln

$123 mln

Rivojlangan mintaqaviy tizim

$640 mln

$600 mln

$40 mln

O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ladi?

Markaziy Osiyo mamlakatlari elektr energetikasi sohasida turli manbalarga tayanadi. Xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonda issiqlik elektr stansiyalari muhim o‘rin tutadi. Qirg‘iziston va Tojikiston esa ulkan gidroenergetika salohiyatiga ega. Mintaqada quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati ham jadal ortib bormoqda.

«YeOTB» tadqiqotida aynan shu farqlar mintaqaviy integratsiyaning eng asosiy iqtisodiy asoslaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Masalan, gidroelektr stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati faqat suv zaxiralariga bog‘liq bo‘lsa, quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarish ob-havo sharoitiga qarab tez-tez o‘zgarib turadi. Gaz va ko‘mirda ishlaydigan stansiyalar esa yoqilg‘i ta’minoti va texnik imkoniyatlarga uzviy bog‘liq.

To‘g‘ri va aniq muvofiqlashtirilgan mintaqaviy tizimda bir mamlakatda elektr energiyasi ortiqcha ishlab chiqarilgan paytda uni zudlik bilan boshqa mamlakatga yetkazib berish, talab yuqori bo‘lgan vaqtda esa qo‘shni davlatlarning mavjud resurslaridan foydalanish imkoniyati kengayadi.

O‘zbekiston uchun bu masala, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish fonida alohida ahamiyatga ega. «YeOTB» hisobotida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olinadigan energiyaning ma’lum bir qismi tarmoqdagi cheklovlar sababli foydalanilmay qolishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishni cheklash hajmi 2026–2028 yillarda yiliga 2,1–3,5 milliard kVt·soatga yetishi mumkin.

Hisobot tafsilotlariga ko‘ra, 2028 yilga borib O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya quvvati 11,4 GVt ga, energiya saqlash tizimlarining quvvati esa 4,3 GVt ga yetishi mazkur ssenariyda nazarda tutilgan. Ushbu sharoitda quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan elektr energiyasining taxminan yettidan bir qismi cheklanib qolishi ehtimoli bor.

Mamlakatlar o‘rtasida elektr energiyasi savdosini kengaytirish orqali esa ayrim hududlardagi ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarga yetkazib berish imkoniyati paydo bo‘ladi. «YeOTB» mavjud tarmoqlardan yanada samaraliroq foydalanish va dispetcherlik boshqaruvini to‘g‘ri muvofiqlashtirish hisobiga yiliga qo‘shimcha 6 milliard kVt·soatgacha transchegaraviy elektr energiyasi savdosini yo‘lga qo‘yish mumkinligini baholagan.

Elektr energiyasi savdosi hali yetarli darajada rivojlanmagan

Mintaqada mamlakatlarning elektr tarmoqlari jismonan bir-biriga ulangan bo‘lsa-da, bu mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalanilmayapti. «YeOTB» ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi doirasida mamlakatlar o‘rtasidagi elektr energiyasi savdosi 2024 yilda bor-yo‘g‘i 12,1 milliard kVt·soatni tashkil etgan.

Bank xulosasiga ko‘ra, mavjud tarmoqlarning o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish, savdo qoidalarini takomillashtirish va dispetcherlik boshqaruvidagi muvofiqlashtirishni yaxshilash orqali bu hajmni yanada oshirish mumkin.

Hozirgi yagona energetika tizimi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonning faqat janubiy qismidagi tarmoqlarnigina qamrab oladi. Turkmaniston va Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismi bilan aloqalar esa butunlay alohida, avtonom tartibdagi ulanishlar orqali amalga oshiriladi. Bu farq juda muhim, chunki mintaqa mamlakatlarining barchasi ham yagona sinxron elektr tizimiga bir xil tarzda ulanmagan.

«YeOTB» mintaqaviy elektr bozorini shakllantirishni bir necha bosqichda bosqichma-bosqich amalga oshirishni taklif qilmoqda. Birinchi bosqichda raqamli hisobga olishni joriy etish, mavjud uzatish imkoniyatlarini aniqlash va ikki tomonlama elektr savdosini muvofiqlashtirish qoidalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid