«O‘zbekiston xalqaro shaxmat maydonida havas qilgulik natijalarga erishib kelmoqda» — Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari beshinchi bor o‘tkazilgan «Zakovat-Gambit» shaxmat turniri g‘oliblarini taqdirladi.

30-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva beshinchi marotaba tashkil etilgan «Zakovat-Gambit» shaxmat turniri g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Joriy yilgi musobaqa doirasida 6 mingga yaqin ishtirokchi o‘zaro bellashdi. Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Ushbu qatnashchilarning 633 nafarini xotin-qizlar tashkil etgan.
Saida Mirziyoyeva turnir yakunlari va yurtimizda aqliy salohiyatni rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, jamiyatda yaratilayotgan imkoniyatlarning ahamiyatini alohida qayd etdi.
«Mamlakatning intellektual salohiyati nafaqat iste’dod egalarining yutuqlari, balki har bir insonning qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun yaratiladigan imkoniyatlar ko‘lami bilan ham belgilanadi», — deya ta’kidladi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro shaxmat arenasida yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan bo‘lsa-da, mamlakat ichida har bir fuqaroning aqliy salohiyatini namoyon etishga xizmat qiluvchi muhitning shakllanayotgani bundan-da muhimroq omil hisoblanadi.
«Zakovat» loyihasining maqsadi va jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirar ekan, Saida Mirziyoyeva shunday dedi: «Bu loyiha iqtidorli yoshlarni kashf etibgina qolmay, balki tafakkur madaniyatini, mustaqil fikrlash va oqilona qarorlar qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Zero, yurtimiz kelajagi yosh avlodning nafaqat qanchalik bilimli ekaniga, balki shu bilimlarni qay darajada qo‘llay olishi va fikr doirasiga ham bog‘liq».
Ma’lumot uchun, «Zakovat arena» majmuasida bo‘lib o‘tgan final bahslarida ishtirokchilar o‘z darajalariga ko‘ra beshta guruhga bo‘lingan holda jami 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun o‘zaro dona surdi. Ushbu guruhlarning har birida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlarga 50 million, ikkinchi o‘rin egalariga 30 million, uchinchi o‘rin sohiblariga hamda ayollar o‘rtasidagi eng kuchli ishtirokchiga 20 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.
Shu bilan birga, musobaqaning eng yosh qatnashchisi bo‘lgan 8 yoshli Mustafo Po‘latov va eng yoshi ulug‘ ishtirokchi — 63 yoshli grossmeyster Toir Vohidovning har biriga 10 million so‘mdan maxsus mukofot berildi.
«Zakovat-Gambit» shaxmat turniri 2021-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Loyiha «Zakovat» intellektual klubi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, «Skychess» shaxmat maktabi hamda Yoshlar ishlari agentligining o‘zaro hamkorligi asosida tashkil etiladi.
Musobaqa bunga qadar 2021, 2022, 2023 va 2025-yillarda ham bo‘lib o‘tgan. Turnir qoidalariga muvofiq, havaskor va professional shaxmatchilar o‘z reyting ko‘rsatkichlariga mos tushuvchi alohida guruhlarda bellashadilar.





