Neft narxi to‘rtinchi oy ketma-ket ko‘tarilmoqda: «Brent» 117 dollardan yuqoriga chiqdi
Yaqin Sharqdagi keskinlik va neft tashish yo‘llariga bo‘lgan tahdidlar «Brent» narxini oktabr oyida 13,6 foizga oshirdi.

Dunyo bozorida neft narxi 2026 yil oktabr oyini to‘rtinchi oy ketma-ket o‘sish bilan yakunladi. 30-oktabr kuni «Brent» markali neft bo‘yicha dekabr fyucherslari 2,4 foizga qimmatlashib, bir barreli 117,64 dollarni tashkil qildi. Savdolar davomida narx hatto 118 dollargacha ko‘tarildi. Bu 2026 yil aprel oyi oxiridan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
AQSHda savdo qilinadigan «West Texas Intermediate» («WTI») markali neft fyucherslari esa kun yakunida 2,08 foizga oshib, 104,12 dollardan sotildi.
Oktyabr oyi davomida «Brent» narxi 13,6 foizga, «WTI» esa 15,2 foizga o‘sdi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, bu «Brent» uchun iyul oyidan beri kuzatilgan eng katta oylik o‘sish hisoblanadi.
Neft narxining bunday o‘sishiga bir nechta omil bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ular orasida AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaroning yanada keskinlashib ketishi ehtimoli, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tankerga qilingan hujum va Saudiya Arabistonidagi energetika obyektlariga nisbatan tahdidlar sanaladi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujum neft ta’minoti xavfini kuchaytirdi
Oktyabr oxirida neft bozoridagi xavotirlarni kuchaytirgan asosiy voqealardan biri — Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tankerga qilingan hujum bo‘ldi. «Reuters» bu voqeani AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangan fevral oyidan beri mazkur suv yo‘lida limpet minalari yordamida amalga oshirilgan birinchi muvaffaqiyatli hujum bo‘lganini yozdi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon energetikasi uchun o‘ta strategik ahamiyatga egadir. U Eron va Ummon o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydi. AQSH Energetika axborot boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida ushbu bo‘g‘oz orqali kuniga o‘rtacha 20,9 million barrel neft va neft mahsulotlari tashilgan. Bu jahon neft iste’molining qariyb 20 foiziga va dengiz orqali amalga oshiriladigan neft savdosining chorak qismiga tengdir.
Ho‘rmuz orqali tashiladigan neft oqimlaridagi har qanday jiddiy uzilish Fors ko‘rfazi davlatlarining eksport imkoniyatlariga, shuningdek, neft import qiluvchi mamlakatlarning doimiy ta’minotiga keskin ta’sir qilishi mumkin. Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘g‘ozni aylanib o‘tuvchi ayrim muqobil quvurlar mavjud bo‘lsa-da, ammo boshqa yirik eksportchilarning imkoniyatlari cheklangan.
Oktyabr oxirida yuzaga kelgan voqealar faqatgina tankerga hujum bilan cheklanib qolmadi. Yamanning Eron bilan yaqin aloqada bo‘lgan husiylar harakati 29-oktabr kuni Saudiya Arabistonidagi bir nechta yirik obyektlarga, xususan, Ras-Tannura va Rabig‘ neftni qayta ishlash zavodlari hamda «Saudi Aramco»ning Abqayqdagi ishlab chiqarish obyektiga hujum qilganini ma’lum qildi.
Xavfsizlik holati keskinlashgani sababli AQSH ham Saudiya Arabistonidagi ayrim davlat xizmatchilari va ularning oilalariga mamlakatni zudlik bilan tark etish ko‘rsatmasini bergan. AQSHning Ar-Riyoddagi elchixonasi bu chorani fuqarolik aeroportlari va muhim infratuzilma obyektlariga qarshi husiylarning hujumlari bilan bog‘liq xavflar orqali izohlagan.
Ushbu voqealar neft bozorida yetkazib berish yo‘llarining xavfsizligi bo‘yicha xavotirlarni yanada oshirdi. Chunki neft bozorida narx faqat qazib olinayotgan xomashyo hajmiga emas, balki uni iste’molchiga yetkazib berish imkoniyati va bu yo‘nalishlarning barqarorligiga ham chambarchas bog‘liq.
Neft eksporti tiklanayotgan edi, ammo ta’minot hali ham beqaror
«Xalqaro energetika agentligi»ning («IEA») 14-oktabrda e’lon qilingan neft bozori bo‘yicha hisobotida Yaqin Sharqdagi neft ta’minoti sentabr oyida qisman tiklangani qayd etilgan. Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan xom neft eksporti bir oy ichida kuniga 4,4 million barrelga ko‘payib, jami 13,9 million barrelga yetgan. Bu urushdan oldingi darajaning 75 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qilgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft oqimi ham kuniga 3,7 million barrelga o‘sib, 10,9 million barrelga yetgan. Bunga Ummon ko‘rfazida kemadan-kemaga neft o‘tkazish operatsiyalarining sezilarli ko‘payishi va muqobil quvurlar orqali eksport hajmining tiklanishi katta yordam bergan.
Biroq «IEA» bu tiklanishni barqaror deb hisoblamagan. Hisobotda oktabr oyida mintaqada husiylarning hujumlari va energetika infratuzilmasiga bo‘lgan tahdidlar keskin kuchaygani ta’kidlangan. Agentlik shu sababli yilning qolgan qismi uchun neft ta’minoti bo‘yicha prognozlarni juda ehtiyotkorlik bilan baholagan.
Bozordagi yana bir jiddiy muammo — neft zaxiralarining qisqarishidir. «IEA» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil sentabr oyi oxiriga kelib jahon neft zaxiralari urush boshlanishidan oldingi darajadan naqd 509 million barrelga kam bo‘lgan. Quruqlikdagi zaxiralar esa kamida 2016 yildan beri kuzatilgan eng past darajalardan biriga tushib qolgan.
Shu bilan birga, «IEA» 2026 yilda jahon neft talabi kuniga 2,6 million barrelga kamayib, 102,4 million barrelni tashkil etishini prognoz qilgan. Agentlik yuqori yoqilg‘i narxlari va ayrim mamlakatlardagi iqtisodiy istiqbollarning yomonlashishi iste’molga bosim o‘tkazayotganini ta’kidlagan.
Neft narxi yana ko‘tariladimi?
«IEA» oktabr oyidagi hisobotida jahon neft bozoridagi vaziyatni o‘ta beqaror deb baholagan. Agentlikka ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojarolar hal etilmas ekan, neft ta’minotidagi uzilishlar va zaxiralarning kamayishi kelgusi oylarda ham bozordagi keskinlikni saqlab qolishi mumkin.
«Saxo Bank»ning ma’lum qilinishicha, Isroildagi so‘nggi saylovlar hamda 3-noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar tufayli kelgusi ikki hafta ichida neft narxlari yanada beqarorlashishi mumkin.
Daniya bankining ta’kidlashicha, urushdan oldin xom neftning bir barreli 60–70 dollar atrofida baholangan bo‘lsa, mojaro tugaganidan keyin ham uning narxi yuqoriroq — bir barreli uchun 70 dollardan 90 dollargacha bo‘lgan oraliqda savdo qilinishi kutilmoqda.





