Logo

9 oy ichida transport sohasidagi 544 mlrd so‘mlik ortiqcha xarajatning oldi olindi

Kecha 21:222 daqiqa

Transport prokuraturasining qurilish shtabi davlat dasturlari doirasida 2026-yilda ta’mirlanishi belgilangan 37 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlarini o‘rganib chiqdi.

9 oy ichida transport sohasidagi 544 mlrd so‘mlik ortiqcha xarajatning oldi olindi © vaqt.uz

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida transport sohasidagi qurilish va ta’mirlash loyihalarida 544,2 mlrd so‘mlik mablag‘ning ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilmadi. Shuningdek, sohada aniqlangan jiddiy qonunbuzilishlar yuzasidan 97 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Transport prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi Hulkar Mansurova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Transport prokuraturasining qurilish shtabi tomonidan davlat dasturlariga kiritilgan hamda joriy yilda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanadigan 37 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlari o‘rganilgan. Ushbu nazorat tadbirlari natijasida yuqorida ko‘rsatilgan 544,2 milliard so‘m miqdoridagi ortiqcha xarajatlarning oldi olingan.

«Tashabbusli budjet» loyihalari va prokuror nazorati

Shuningdek, «Tashabbusli budjet» dasturining 2026 yilgi birinchi mavsumida g‘olib deb topilgan 945 ta loyiha doirasida ham o‘rganishlar olib borilgan.

Mazkur loyihalar orqali 2501 kilometr ichki yo‘lni qurish va ta’mirlash uchun budjetdan 1 trillion 494 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, hozirga qadar 821 ta obyektda qurilish ishlari yakunlangan va foydalanishga topshirilgan. Qolgan 124 ta obyektda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

Mazkur dastur doirasidagi nazorat tadbirlari orqali yana 61 milliard 567 million so‘mlik ortiqcha xarajatning oldi olingan. Foydalanishga topshirilmagan 52 ta obyekt bo‘yicha esa buyurtmachilar tomonidan sudlarga 5,9 milliard so‘mlik jarima undirish yuzasidan da’vo arizalari kiritilgan.

Hisobot davrida Transport prokuraturasi tomonidan jami 3350 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanilgan. Prokuraturaning nazorat hududida qayd etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga kamaygan bo‘lib, jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 62 mlrd 711 million so‘mlik zarar to‘liq undirilgan.

Prokuror nazorati natijasida 655 nafar shaxs intizomiy, 643 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, 1067 nafar fuqaro va 62 ta yuridik shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

Temiryo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida 23 ming 517 ta ma’muriy huquqbuzarlik holati aniqlangan. Qoidabuzarlarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, 1 mlrd 661 mln so‘mdan ortiq jarima tayinlangan.

Investitsiya loyihalari ijrosiga keladigan bo‘lsak, to‘qqiz oyda transport sohasida 743,5 mlon dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, belgilangan reja 106 foizga bajarilgan.

Teglar

Mavzuga oid