
Yaponiya 34 yillik yetakchilikdan so‘ng tashqi aktivlar bo‘yicha o‘rnini Germaniyaga bo‘shatdi
27.05.2025 | 21:3044283
Yaponiya 34 yildan beri birinchi marta eng yirik tashqi aktivlarga ega mamlakat maqomini yo‘qotdi. Undan o‘zib ketgan Germaniya oxirgi marta bu maqomni 1991 yilda qo‘lga kiritgan edi.

Yaponiya so‘nggi 34 yil ichida ilk bor jahondagi eng yirik toza tashqi aktivlarga ega davlat maqomini yo‘qotdi. Bloomberg nashrining ma’lumot berishicha, 2024 yil yakuniga ko‘ra Germaniya Yaponiyani ortda qoldirib, reytingda birinchi o‘rinni egalladi.
Yaponiyaning jami tashqi aktivlari 2024 yilda 533 trln iyenaga (taxminan 3,7 trln dollar) yetdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 13 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, yetakchilikni saqlab qolish uchun yetarli bo‘lmadi.
Germaniya esa shu davr mobaynida tashqi aktivlarini 25 foizga oshirib, ularning umumiy qiymatini 3,966 trln dollarga yetkazdi. Bu esa unga 1991 yildan beri birinchi marta yetakchilikni qaytarish imkonini berdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyaning bunday o‘sishi tashqi savdo balansidagi yuqori ijobiy saldo va yevro kursining iyenaga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liq. 2024 yil yakunida Germaniya savdo balansida 248,7 mlrd yevro, Yaponiyada esa 180 mlrd yevro saldo qayd etilgan.
Shu bilan birga, Yaponiya moliya vaziri Katsunobu Kato ushbu holatni dramatik o‘zgarish sifatida baholamaslik kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Yaponiya tashqi aktivlari doimiy o‘sishda davom etmoqda va bu raqamlar vaziyatning keskin o‘zgarganini anglatmaydi.





