Zilzila vaqtida tashqariga qochmang: Yer silkinayotganda qanday qilib xavfsiz qolish mumkin?
Zilzila yuz berayotgan vaqtda va undan keyin to‘g‘ri harakatlanish jarohatlanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Yer qimirlashi boshlangan ilk soniyalarda ko‘riladigan choralar xavfsizlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mazkur qo‘llanmada uyni zilzilaga bardoshli qilish va favqulodda holatlar uchun qutqaruv сумкасини hozirlashdan tortib, silkinish vaqtida va undan so‘ng himoyalanishgacha bo‘lgan beshta amaliy qadam keltirilgan.
Uyingiz zilzilaga tayyormi?
Xavfsizlik choralarini yer qimirlashidan avvalroq ko‘rish lozim. Uy, ishxona yoki o‘quv muassasasini ko‘zdan kechirib, kuchli silkinish vaqtida qulab tushishi, sinishi yoki xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan buyumlarni aniqlab oling.
· Kitob javoni va shkaf kabi baland mebellarni devorga mahkamlang, og‘ir yoki sinishi mumkin buyumlarni esa pastki tokchalarga joylashtiring.
· Televizor va qulab tushish xavfi bo‘lgan boshqa jihozlarni ham mustahkam qotirish zarur.
· Gaz, elektr energiyasi va suv tarmog‘ini xavfsiz uzib qo‘yishni o‘rganing, asosiy jo‘mrak va kalitlar qayerda joylashganini oldindan bilib oling.
· Zilzila vaqtida deraza, oyna va qulab tushishi mumkin bo‘lgan boshqa buyumlardan uzoqroq turish lozim.
Favqulodda qutqaruv sumkasini shay holatga keltiring
Qutqaruv сумкасини qo‘l yetadigan joyda saqlagan ma’qul. Zilziladan so‘ng elektr toki, suv va aloqa tarmoqlarida uzilishlar kuzatilishi mumkin. Zarur vositalarning shay turishi favqulodda holatda ularni qidirib vaqt yo‘qotmaslikni ta’minlaydi.
Jamlanma ichida quyidagi vositalar bo‘lishi lozim:
· Ichimlik suvi va tez buzilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari;
· Birinchi tibbiy yordam qutichasi va eng zarur dori-darmonlar;
· Chiroq va qo‘shimcha batareyalar, radiopriyomnik hamda hushtak;
· Quvvatlagich (pauerbank) va ma’lum miqdorda naqd pul;
· Muhim hujjatlarning nusxalari;
· Oyoqni siniq oyna hamda vayronalardan himoya qiluvchi pishiq poyabzal.

Yer silkinishi boshlanganda nima qilish kerak?
Agar zilzila vaqtida bino ichida bo‘lsangiz, tashqariga yugurmang va silkinish to‘liq to‘xtaguniga qadar xavfsiz joyda qoling.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) bino silkinayotgan paytda tashqariga chiqmaslikni tavsiya qiladi. Qulayotgan deraza oynalari, bino qoplamalari va boshqa jismlar ko‘chani o‘ta xavfli hududga aylantiradi. Shu bois, turgan joyingizda qolsangiz, jarohat olish xavfi sezilarli darajada kamayadi.
Xavfsiz harakatlar atrof-muhitga qarab o‘zgaradi
Barcha vaziyatlar uchun birdek mos keladigan yagona qoida yo‘q. Qanday xavfdan himoyalanish kerakligini aynan siz turgan joy va atrof-muhit belgilab beradi.
· Bino ichida: Tashqariga chiqmang hamda «Cho‘kkalang, himoyalaning va mahkam ushlang» qoidasiga amal qiling.
· Do‘kon yoki ofisda: Ichkarida qoling, peshtaxta va oynalardan uzoqroq turib, boshingizni himoya qiling.
· Maktabda: O‘qituvchi va xodimlarning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qiling, baquvvat parta yoki stol ostiga kirib, boshingizni asrang.
· Avtomobilda: Ko‘priklar, elektr uzatish tarmoqlari, daraxtlar va qulab tushishi mumkin bo‘lgan boshqa jismlardan uzoqroq bo‘lgan xavfsiz joyda to‘xtang. Silkinish tinguniga qadar mashina ichidan chiqmang.
· Tashqarida: Binolar, elektr simlari, daraxtlar va xavf soluvchi har qanday jismlardan uzoqroq bo‘lgan ochiq maydonga o‘ting.
· Liftda: Lift to‘xtaguniga qadar ichkarida qoling. To‘xtagach, agar vaziyat xavfsiz bo‘lsa, darhol tashqariga chiqing.

Yer silkinishi to‘xtaganidan so‘ng qanday yo‘l tutish kerak?
Dastavval, o‘zingiz va atrofdagilarda jarohatlar bor-yo‘qligini tekshiring. So‘ng tevarak-atrofdagi ehtimoliy xavflarni ko‘zdan kechiring.
Yer qimirlashining tinishi xavf to‘liq ortda qolganini anglatmaydi. Zilziladan keyin ham takroriy silkinishlar (aftershoklar) sodir bo‘lishi, shuningdek, yong‘in kelib chiqishi, gaz sizib chiqishi, binolarning shikastlanishi, oynalar sinishi va elektr tarmoqlarining uzilishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
Agar shikastlangan quvur yoki kuchli hid tufayli gaz sizib chiqayotganidan gumon qilsangiz, zudlik bilan binoni tark eting. Gaz tarmog‘ini mustaqil ravishda qayta ulashga urinmang. Agar elektr simlariga shikast yetgan bo‘lsa, ularga qo‘l teggizmang va tokni uzish bo‘yicha mahalliy ko‘rsatmalarga amal qiling.
Takroriy silkinishlarga doim shay turing. Agar yer yana qimirlashni boshlasa, yuqorida ta’kidlanganidek, «Cho‘kkalang, himoyalaning va mahkam ushlang» qoidasiga amal qiling.
Zilziladan so‘ng mobil aloqadan oqilona foydalaning. Tarmoqlarni zo‘riqtirmaslik uchun zaruratsiz qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirmang. Iloji boricha SMS-xabarlar yoki internetdan foydalaning. Telefonni favqulodda xizmatlar va rasmiy xabarlar uchun ochiq saqlang. Ekran yorug‘ligini pasaytirish va ortiqcha ilovalarni yopish orqali batareya quvvatini tejashga harakat qiling.
Zilziladan keyin hushyorlikni yo‘qotmang, rasmiy ma’lumotlarni kuzatib boring va boshqalarga yordam bering. To‘g‘ri tayyorgarlik va xotirjam harakat qilish vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.





