«Aravasini torta olmayotgan»larga Prezidentdan ogohlantirish, Namangan sobiq hokimining sudi va «Credit House» ishi bo‘yicha qamalganlar — 24-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Umumiy tartibli koloniyadan uy qamog‘igacha: «Credit house» ishi bo‘yicha hukm o‘qildi
«Credit house» va «In Fin Stroy Invest» kompaniyalari bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni yakuniga yetdi. 1766 nafar fuqaroni aldab, 450 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan 9 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm e’lon qilindi. Ish qariyb 4 oy davomida ko‘rib chiqilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, asosiy aybdorlarga 8 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bir nafar sudlanuvchiga jarima qo‘llandi, yana ayrimlariga 6,5 yillik jazo berilib, u 3 yillik sinov muddati bilan shartli hisoblandi.
Shuningdek, sud yetkazilgan zararni qoplashni belgiladi. Jami 450 mlrd so‘mlik zararning 300 mlrd so‘mdan ortig‘i aybdorlar tomonidan qoplangan bo‘lib, qolgan qismi jabrlanuvchilar foydasiga undiriladi.
O‘zbekistonda soliq tushumlari 54 foizga ko‘paydi
2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda tadbirkorlik faolligi barqaror o‘sib, soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 54 foizga oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu iqtisodiy faollikning sezilarli jonlanganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar daromad solig‘i 15,2 foizga, mol-mulk solig‘i 10,7 foizga va yer solig‘i 33,8 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Navoiy, Sirdaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etildi. Bojxona to‘lovlari 19,5 foizga ko‘payib, ayniqsa Navoiy (77,6 foiz) va Namangan (64,2 foiz) viloyatlarida yuqori o‘sish kuzatildi. Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda ham barqaror ijobiy dinamika saqlandi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatda eksport hajmi 30 foizga oshgan bo‘lsa, bank sektorida kreditlash 9,1 foizga ko‘paydi. Mart oyida 22 443 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazilib, birja bitimlari hajmi ham 20,8 foizga o‘sdi.
Sobiq hokim ishi rejalashtirilgan ssenariymi?
2026 yil 24-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha sudda Namangan shahri sobiq hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev ustidan sud jarayoni boshlandi. U 60 ming AQSH dollari pora olishda ayblanmoqda. Ish bo‘yicha jami 6 nafar sudlanuvchi ishtirok etmoqda: ularning 3 nafari qamoqqa olingan, qolganlariga esa yengilroq ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Tergovga ko‘ra, Otaxo‘jayev tadbirkor bilan til biriktirib, fuqarodan 60 ming dollar talab qilgan va evaziga shahar markazidagi yer uchastkasidan foydalanib, ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat berishni va’da qilgan. Shu bilan birga, himoya tomoni ayblovlarni rad etib, u hibs vaqtida boshqa hududda xizmat uchrashuvida bo‘lganini bildirmoqda.
Ish dastlab Namanganda ko‘rilishi kerak edi, ammo himoya tomoni sud xolisligiga shubha bildirib, uni boshqa hududga ko‘chirishni talab qildi va natijada ish O‘zbekiston tumaniga o‘tkazildi. Shuningdek, ishdagi asosiy bahsli jihatlardan biri — «jabrlanuvchi»ning avval ham bir nechta jinoyat ishlarida ishtirok etgani bo‘lib, himoya bu holatni alohida tekshirmoqda.
«Aravasini torta olmayotgan» hokimlarning lavozimga loyiqligi bugunoq ko‘rib chiqiladi
24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev ayrim hokimlar va tarmoq rahbarlari faoliyatini keskin tanqid qildi. Xususan, elektr energiyasidagi yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan 44 ta tumandagi mas’ullar ishdan olinishi belgilandi, sanoat rejasini bajara olmagan 13 ta tuman hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi aytildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlar muammolariga befarqlik ham tanqid qilindi. Nurafshon shahar hokimi ikki yildan beri qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga masalaning qayerdan prezident darajasiga chiqqanini o‘rganish bilan ovora bo‘lgani qayd etildi. Shuningdek, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida tadbirkorlik infratuzilmasi uchun ajratilgan mablag‘larga qaramasdan loyihalar boshlanmagani ta’kidlandi.
Prezident tegishli rahbarlarga «aravasini torta olmayotgan» hokimlarning lavozimga loyiqligini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirish, eksport va sanoat ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda korxonalar faolligini kuchaytirish bo‘yicha qator aniq vazifalar belgilab berildi.
Giyohvand moddalar, uy mashmashasi va noqonuniy tintuv: Sanjar Karimov sudi bo‘lib o‘tdi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bloger Sanjar Karimov («Real Sanjik») ishi bo‘yicha navbatdagi majlis o‘tdi. U uyidan topilgan giyohvand moddalar otasiga tegishli bo‘lganini, uni shifokor tavsiyasi bilan iste’mol qilganini aytdi va moddalarni sotib olmaganini ta’kidladi. Karimov o‘z aybini qisman tan olib, ularni tarqatish niyati bo‘lmaganini bildirdi.
Sudda himoya tomoni tintuv jarayonida qonunbuzarliklar bo‘lganini ma’lum qildi: ruxsat berilgan bitta xonaning o‘rniga to‘rtta xona tekshirilgani, ayrim moddalar ruxsat berilmagan joydan topilgani aytildi. Shuningdek, bayonnomada ko‘rsatilmagan xodimlar ishtirok etgani va xolislar soni talabga javob bermagani qayd etildi, bu holatlar tergov qonuniyligiga shubha uyg‘otmoqda.
Ish doirasida uy bilan bog‘liq mojaro ham ko‘rib chiqildi. Karimov uy uchun pul to‘langanini, uni egalariga qaytarishga tayyorligini bildirdi. Sudya notariusni jalb qilgan holda uyni qayta rasmiylashtirish masalasini ko‘rib chiqishga qaror qildi, shuningdek, sud hujjatlarini noto‘g‘ri talqin qilgan shaxs zaldan chiqarildi va keyingi majlis 27-aprelga qoldirildi.





