
Dam olish kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab issiq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda
Shanba va yakshanba kunlari havo iliq bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi, ayrim hududlarda harorat +32 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 10–12 oktyabr kunlari O‘zbekiston bo‘ylab issiq va quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat juma kuni ertalab Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Kunduzgi harorat +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi, mamlakatning janubiy va cho‘l hududlarida esa +29…+30 darajagacha ko‘tariladi. Eng iliq kun shanba bo‘lib, harorat +28…+30 darajaga, ayrim joylarda +32 darajagacha yetishi kutilmoqda. Kechasi harorat +10…+15 daraja oralig‘ida bo‘ladi.
10–11 oktyabr kunlari mamlakatning shimoliy hududlarida shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan sekundiga 3–8 metr tezlikda esadi. 10 oktyabr kuni harorat +24…+26 daraja, 11 oktyabr kuni kechasi +10…+12 daraja, kunduzi +26…+28 daraja bo‘ladi. 12 oktyabr kuni esa kechasi +12…+14 daraja, kunduzi +26…+28 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.





