Energetika vazirining Otabek Bakirov ustidan shikoyati bo‘yicha tekshiruv qayta tiklandi

Bugun 08:302 daqiqa

Jo‘rabek Mirzamahmudovning shikoyati asosidagi materiallar hozirda Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Energetika vazirining Otabek Bakirov ustidan shikoyati bo‘yicha tekshiruv qayta tiklandi

Toshkent shahar prokuraturasi bloger Otabek Bakirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorni bekor qildi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning shikoyati asosida boshlangan materiallar hozirda Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur nizo vazirning 2024 yil 26-dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga qilgan murojaati bilan bog‘liq. Shikoyatda «bakirooo» Telegram kanalida e’lon qilingan, metan zapravkalardagi navbatlar, «Avto24» mobil ilovasi faoliyati va Toshkent tumanidagi elektr hamda gaz ta’minotidagi uzilishlar tanqid qilingan postlarga huquqiy baho berish so‘ralgan.

Bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, vazirning e’tirozlariga sabab bo‘lgan chiqishlar qariyb bir yarim yil oldingi voqealarga taalluqli.

«Mirzamahmudov shikoyatining mazmuni 2024 yil dekabr oyida metan zapravkalarda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasiga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek Toshkent tumanida «rejaga chiqish uchun» paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar bilan bog‘liq. Qizig‘i, shikoyat va qayta ochilgan ish yana qariyb 1,5 yil avvalgi chiqishlar bilan bog‘liq va o‘zgarishsiz jihati shundaki, mazkur post yozilayotgan kunda ham svet uch marta, qariyb 4 soatga o‘chdi», - deya yozdi Bakirovning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ichki ishlar idoralari mazkur murojaat yuzasidan 2026 yil 23-yanvarda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan edi. Biroq oradan ikki oy o‘tib, 25-mart kuni shahar prokuraturasi ushbu qarorni asossiz deb topdi va bekor qildi. Hozirda surishtiruv ishlari qayta boshlangan.

«Kalavaning uchi»

Otabek Bakirov va Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasidagi huquqiy ziddiyatlar bir necha bosqichdan iborat. Dastlabki shikoyat arizasi vazir «Lolazor» podkastida mehmon bo‘lganidan olti kun o‘tib, 2024 yil 10-oktabr kuni taqdim etilgan edi. Ushbu shikoyat Olmazor tumanidagi «Sag‘bon» podstansiyasiga oid 2023 yil iyun oyidagi tanqidiy post bilan bog‘liq bo‘lgan. Vazir o‘z arizasida blogerning sohadagi holatni «milliardlarni o‘pirib turadigan qora o‘pqon» deb ataganini haqorat va obro‘sizlantirish deb baholashni so‘ragan.

2024 yil 19-dekabr kuni Toshkent shahar IIBB AOKA ekspertizasining «postda haqorat alomatlari yo‘qligi» haqidagi xulosasiga tayanib, ushbu birinchi shikoyat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan. Biroq mazkur rad javobidan bir hafta o‘tib, vazirlik blogerning yangi chiqishlari yuzasidan ikkinchi bor ariza bergan va hozirda aynan mazkur ikkinchi shikoyat bo‘yicha surishtiruv qayta tiklandi.

Teglar

Mavzuga oid