
«KazTransOil» Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilish tariflarini oshiradi
2026 yil 1-martdan boshlab «KazTransOil» Rossiya neftini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tashish xarajatlarini yangi tariflar asosida hisoblaydi.

2026 yil 1-martdan boshlab Qozog‘iston hududi orqali Rossiyada ishlab chiqarilgan xom neftni O‘zbekistonga tranzit qilish tariflari oshiriladi. Bu qaror Qozog‘istonning magistral neft quvurlari operatori hisoblangan «KazTransOil» kompaniyasi bosh direktori buyrug‘i asosida qabul qilingan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur yo‘nalish bo‘yicha amal qilgan amaldagi tarif bir tonna neft uchun 27,9 AQSH dollarini tashkil etgan. Yangi qarorga muvofiq, ushbu tarif 0,4 foizga oshirilib, 2026 yil 1-martdan e’tiboran bir tonna neft uchun 28,02 AQSH dollari etib belgilanadi. Ko‘rsatilgan narx qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmagan holda belgilangan.
Tariflar oshishi Qozog‘iston orqali neft tranziti bilan bog‘liq logistika xarajatlarining qayta ko‘rib chiqilishi bilan izohlanmoqda. Mutaxassislar bu o‘zgarish neft tashish zanjirida ishtirok etuvchi kompaniyalar uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga keltirishini qayd etmoqda.
Shu bilan birga, neftni temir yo‘l orqali jo‘natish bilan bog‘liq xizmatlar uchun ham yangi narxlar joriy etiladi. Xususan, «Shagyr» neft yuklash terminalida neftni temir yo‘l sisternalariga yuklash xizmatlari qiymati sezilarli darajada oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu terminalda neftni sisternalarga yuklash qiymati 14 foizga ko‘tarilib, har bir tonna uchun 0,96 AQSH dollarini tashkil etadi. Bu o‘zgarishlar ham qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmagan holda qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabr oyida «KazTransOil» AJ O‘zbekiston Respublikasi yo‘nalishida neft tranzitini qayta tiklagan edi.





