Misr «Rosatom»ni AES qurilishi vaqtida xavfsizlik qoidalarini buzish va xodimlarning mast holda ishlashida aybladi
U stansiya qurilishi yarmidan ko‘pi yakunlanganini ko‘rsatish uchun «chalg‘ituvchi usullar» va «soxta ishlar»dan foydalanishda ham ayblangan.
© Foto: TASSMisr hukumati «Rosatom»ga e’tiroz bildirib, mamlakatdagi «El Dabaa» atom elektr stansiyasi qurilishida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Garchi davlat korporatsiyasi ochiqchasiga barcha xavfsizlik talablari bajarilayotganini ta’kidlab kelayotgan bo‘lsa-da, kompaniyaning ichki hujjatlarida ham muammolar tasdiqlangan. Bu haqda «Politico» xabar berdi.
Misrdagi vaziyat Vengriyadagi loyiha taqdiriga ham ta’sir qilishi mumkin. U yerda yangi hukumat «Rosatom» tomonidan qurilayotgan ikkita yangi energoblokni qayta tekshirishni boshlagan. 4-iyun kuni «Rosatom»ning yuqori lavozimli menejerlaridan biriga yuborilgan maxfiy maktubda Misr Atom elektr stansiyalari boshqarmasi qurilishi tugallanmagan reaktor bloklarida aniqlangan «nuqsonlar», «yadroviy xavfsizlik madaniyati»ning buzilishi va loyiha xodimlaridan birining «qasddan beparvoligi» haqida ma’lum qilgan. Xususan, 1-, 2- va 3-energobloklar poydevor plitalaridagi nuqsonlarni bartaraf etishga bir yil vaqt ketgan, 4-blok betonida esa bo‘shliqlar aniqlangan.
Misr «Rosatom»ni qurilishda jiddiy qoidabuzarliklarda aybladi
Boshqarma «Rosatom»ni stansiya qurilishi yarmidan ko‘pi yakunlanganini ko‘rsatish uchun «chalg‘ituvchi usullar» va «soxta ishlar»dan foydalanishda ayblagan. Holbuki, obyektdagi ko‘zdan kechirish «asosiy inshootlar hali ham yerosti qurilishi bosqichida» ekanini aniq ko‘rsatgan.
Regulyatorning ta’kidlashicha, «Rosatom»da noprofessional korporativ madaniyat shakllangan: xodimlardan «taqiqlangan alkogolli ichimliklar» topilgan, ular «soxta ruxsatnomalar»dan foydalangan, qurilish maydonida olingan foto va videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Shuningdek, «og‘ir ochiq sinish» olgan ishchini voqeani «qasddan» yashirish maqsadida maxsus jihozlangan tez yordam mashinasida shifoxonaga olib borish o‘rniga, yashirincha shaxsiy avtomobilda olib chiqib ketishgan.
«Politico» ushbu va boshqa hujjatlarni maxsus xizmat xodimidan olgan. Ular orasida Misr rasmiylarining xavotirlari asosli ekanini tasdiqlovchi «Rosatom»ning maxfiy hujjatlari ham bor. Ularda loyihadagi kechikishlar, qurilish sifati bilan bog‘liq muammolar va loyihani boshqarishdagi kamchiliklar batafsil bayon qilingan. «Rosatom»ning 2025-yilgi auditorlik xulosasi loyihasida shartnoma majburiyatlarini bajara olmaslik «jiddiy xavf» ekani haqida ogohlantirilgan. Davlat korporatsiyasi AESning birinchi energoblokini ishga tushirish muddatini bir yarim yilga — 2028-yil sentabridan 2030-yil martigacha — kechiktirishni kutmoqda.
«Rosatom» Misr rasmiylarining maktubida keltirilgan da’volarning hech biri loyiha doirasida nazarda tutilgan shartnomaviy, texnik va nazorat tartib-taomillari davomida «tasdiqlanmagani»ni bildirdi.
«Paks-2»: Vengriya «Rosatom» loyihasini qayta tekshirmoqda
Shunga o‘xshash muammolar Vengriyada ham aniqlanishi mumkin. U yerda davlat korporatsiyasi «Paks» AESida ikkita yangi reaktor qurmoqda. «Paks-2» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv 2014-yilda tuzilgan. O‘shanda Rossiya Viktor Orban boshchiligidagi hukumatga 10 milliard yevrogacha davlat moliyalashtirishini ajratgan. Biroq hozirgi bosh vazir Peter Madyar loyihaning amalga oshirilishini shubha ostiga qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya obyektga o‘z mablag‘laridan qo‘shimcha 2,8 milliard yevro sarflagan, biroq bosh vazir obyektni «bir nechta ombor va ikkita katta beton chuqur» deb ta’riflagan.
«Paks-2» 2024-yilda ishga tushishi kerak edi, ammo «ular haqiqatan ham shartnoma shartlariga rioya qilayotganini ko‘rmayapman», — dedi Madyar.
Bundan tashqari, yangi energobloklarni sovitish uchun Dunay daryosining suvidan foydalanish rejalashtirilgan. Biroq Yevropadagi iqlim o‘zgarishi ushbu texnologiyaning samaradorligini shubha ostiga qo‘ymoqda. Kuchli issiq sabab Dunay suv sathining pasayishi avgust oyi boshida «Paks» AES reaktorlarining vaqtincha o‘chirilishiga sabab bo‘ldi. «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyovning ta’kidlashicha, «Paks-2» qurilishi belgilangan jadval asosida davom etmoqda, 5-energoblokning beton tayyorgarlik ishlari 80 foizdan ko‘proq bajarilgan, 6-blok bo‘yicha ishlar esa davom etmoqda. Madyar hukumati «Paks-2» loyihasini, jumladan, uning moliyalashtirilishi va loyihalashtirilishini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati Forish tumanidagi AES qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlari boshlangandi.





