Logo

Toshkentda 768 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptooperatsiyalar bilan shug‘ullangan uch kishi qo‘lga olindi

Bugun 14:051 daqiqa

Ularning elektron qurilmalarida 64 mln USDTdan ortiq, qariyb 768,38 mlrd so‘mlik noqonuniy moliyaviy operatsiyalar aniqlangan.

Toshkentda 768 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptooperatsiyalar bilan shug‘ullangan uch kishi qo‘lga olindi © Toshkent shahri IIBB videosidan kadr

Toshkentning Yashnobod tumanida noqonuniy kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullangan uch kishi ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu yirik moliyaviy sxema «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirlari doirasida boshqarmaning Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan fosh etilgan.

Ushlangan shaxslar turli davlatlar valutasidagi mablag‘larni kriptoaktivlarga ayirboshlash va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullangan.

Gumonlanuvchilarning qurilmalarida jami 64 milliondan ortiq USDT, ya’ni qariyb 768 mlrd 380 mln so‘mlik kriptoaktivlar bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilgani aniqlandi. Tezkor tadbir davomida ulardan sakkizta telefon va ikkita noutbuk ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ayni vaqtda tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda onlayn qimor va firibgarlik bilan shug‘ullangan 72 kishi ushlagani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid