Namangandagi zo‘ravonlik yuzasidan Saida Mirziyoyeva munosabat bildirdi
Prezident administratsiyasi rahbari Namangandagi 5 yoshli qiz bilan bog‘liq jinoyat yuzasidan qonunchilikni kuchaytirish taklifi tayyorlanayotganini bildirdi. Beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanishi ta’kidlandi.
© Saida Mirziyoyeva Telegram kanaliSaida Mirziyoyeva Namanganda 5 yoshli qiz zo‘rlanganiga munosabat bildirib, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerakligini ta’kidladi.
Prezident administratsiyasi rahbari bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerakligini qayd etdi.
«Namanganda yuz bergan fojia haqida menga xabar berishdi. Bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabim ichimga sig‘may ketdi. Nazarimda, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerak. Amaldagi qonunchilikda oliy jazo ko‘zda tutilmagan, shu bois javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz», dedi Saida Mirziyoyeva.
Uning bildirishicha, tegishli idoralarga barcha zarur ko‘rsatmalar berildi. Jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortiladi. Shuningdek, beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanadi.
Gumonlanuvchi qamoqda
Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi hamda 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan K.M. shu kuni protsessual tartibda ushlangan. Sud unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llagan. Ayni vaqtda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Barcha davlat bog‘chalarida tekshiruv
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berishicha, ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Shuningdek, bunday holatlarning boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham takrorlanishining oldini olish maqsadida maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan hozirda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.




