O‘zbekiston oldidagi uch maqsad: 5 foizlik inflatsiya, JST va investitsion reyting
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi davlat qarzi YAIMning taxminan 27 foizini tashkil etayotgani hamda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashni rejalashtirayotganini aytdi.
© ForumO‘zbekiston kelgusi yilda inflatsiyani 5 foizga tushirish, yaqin yillarda investitsion darajadagi suveren kredit reytingiga erishish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 24-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Silk Road Finance & Technology Forum»ning ochilish marosimida ma’lum qildi, deya Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.
Qo‘chqorovning aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiy siyosatida fintexni rivojlantirish, xususiy kapitalni jalb qilish va yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, har qanday sohaning, jumladan, fintexning muvaffaqiyatli rivojlanishi barqaror va qulay makroiqtisodiy sharoitlarga bog‘liq.
«Har qanday soha, jumladan, fintexning muvaffaqiyatli rivojlanishi oxir-oqibat barqaror va qulay makroiqtisodiy sharoitlarga bog‘liq. Ana shu sharoitlar barqaror o‘sish va investitsiyalar uchun asos yaratadi», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Iqtisodiyot 10 yilda uch barobarga o‘sdi
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi o‘n yilda o‘rtacha yiliga 6−7 foizga o‘sgan.
Shu davrda mamlakat yalpi ichki mahsuloti qariyb 60 mlrd dollardan 180 mlrd dollargacha oshib, iqtisodiyot hajmi uch barobarga ko‘paygan.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM ham 1900 dollardan 4600 dollargacha o‘sgan. Bu O‘zbekistonning o‘rtadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga yaqinlashishiga imkon bergan.
Qo‘chqorov inflatsiyaga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, bir necha yil davomida ikki xonali ko‘rsatkichda bo‘lgan inflatsiya bir xonali darajaga tushgan.
«Bu yil inflatsiya taxminan 6,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bizning maqsadimiz esa kelgusi yilda uni 5 foizlik ko‘rsatkichga yetkazishdir», — dedi u.
Shuningdek, tashqi davlat qarzi YAIMning taxminan 27 foizi darajasida saqlanmoqda.
«Budjet intizomini saqlash biz uchun asosiy tamoyil hisoblanadi. So‘nggi yillarda budjet taqchilligini YAIMning 3 foizidan past darajada ushlab kelyapmiz», — dedi Qo‘chqorov.
Investitsion reyting, JST va davlat ishtirokini qisqartirish
Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, hukumat kelgusi o‘n yilda investorlar va bozor ishtirokchilari uchun qulay hamda prognoz qilish mumkin bo‘lgan muhit yaratishni maqsad qilgan.
Buning uchun inflatsiyani belgilangan maqsadli darajaga tushirish, budjet intizomini saqlash va davlat qarzini maqbul hamda barqaror darajada ushlab turish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Qo‘chqorov keyingi maqsadlar orasida O‘zbekistonning suveren kredit reytingini investitsion darajaga olib chiqishni ham sanadi.
«Biz investitsion darajadagi suveren kredit reytingiga erishish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishini yakunlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va bozor islohotlarini davom ettirish ustida ishlaymiz», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar xususiy sektorning rolini kuchaytirish, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini chuqurlashtirish va mahalliy hamda xorijiy investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilishi kerak.
Texnologiyalar to‘siqlarni kamaytiradigan tizim
Jamshid Qo‘chqorov tarkibiy islohotlar doirasida O‘zbekiston zamonaviy, raqobatbardosh va inklyuziv, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashgan moliya tizimini shakllantirishni maqsad qilganini bildirdi.
«Bu texnologiyalar to‘siqlarni kamaytiradigan, innovatsiyalar rag‘batlantiriladigan va ishonch himoya qilinadigan tizim bo‘lishi kerak», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro hamkorlik hamda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Uning aytishicha, fintexning rivojlanishi kapitalning tezroq harakatlanishi va taqsimlanishiga, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga hamda moliyaviy resurslardan samaraliroq foydalanishga xizmat qilishi lozim.
Qo‘chqorov forum davomida bildirilgan muhim taklif va tashabbuslar kelgusi yillarda amaliy natijalarga olib kelishi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonch bildirdi.





