Logo

O‘zbekiston xalqaro zaxiralarida oltin ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda — «Fitch»

Kecha 12:432 daqiqa

«Fitch» agentligi O‘zbekistonni oltin narxining o‘sishidan eng katta foyda ko‘rgan, biroq narxlar keskin pasaysa, eng ko‘p ta’sirlanishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri sifatida baholadi.

O‘zbekiston xalqaro zaxiralarida oltin ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda — «Fitch» © Foto: Sputnik

«Fitch Ratings» O‘zbekiston xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltin ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turishini ma’lum qildi.

Agentlikka ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga mamlakatning xalqaro zaxiralari 64,35 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan 56,12 milliard dollari yoki 87,2 foizi monetar oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Fitch» O‘zbekistonni oltin narxining o‘sishidan katta foyda ko‘rgan, biroq uning keskin pasayishiga ham yuqori darajada ta’sirchan mamlakatlardan biri sifatida baholadi.

Oltin o‘sishi zaxiralarni oshirdi

Agentlik qayd etishicha, oltin narxining o‘sishi va markaziy banklar tomonidan qimmatbaho metall xarid qilinishi Kavkaz hamda Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi moliyaviy zaxiralarini sezilarli darajada mustahkamlagan.

O‘zbekistonda iyul oyining o‘zida xalqaro zaxiralar 589,8 million dollarga ko‘paygan. Bunda oltinning jahon bozoridagi narxi 4 016,7 dollardan 4 052,2 dollargacha oshishi zaxiralar qiymatiga qariyb 490 million dollar qo‘shgan.

Ya’ni zaxiralarning bir oylik o‘sishining qariyb 83 foizi oltin narxining ko‘tarilishi hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Qimmatbaho metall eksport tushumlarida ham muhim o‘rin tutadi. «Fitch» hisob-kitobiga ko‘ra, 2025-yilda oltin O‘zbekiston tovar eksportining 41 foizini ta’minlagan.

Xavfli jihatlar

Oltin eksportidan tushumlarning o‘sishi 2023–2025-yillarda O‘zbekistonning joriy hisob taqchilligini sezilarli qisqartirishga yordam berdi. Natijada mamlakatning tashqi to‘lovlarni qoplash imkoniyati yaxshilandi.

Biroq oltinning zaxiralar va eksportdagi yuqori ulushi teskari xavfni ham keltirib chiqaradi. Qimmatbaho metall narxi keskin pasaysa, zaxiralar qiymati va eksport tushumlari bir vaqtning o‘zida kamayishi mumkin.

Agentlik oltin narxining pasayishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun mintaqa davlatlariga nisbatan kattaroq xavf tug‘dirishini qayd etdi. Shunga qaramay, bunday holatning o‘zi suveren kredit reytingini pasaytirish uchun yetarli omil bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid