Logo

O‘zbekistonda AESda radiatsiyaviy avariya yuz berganda harakat qilish tartibi belgilandi

AESda ikki turdagi maxsus rejim joriy etilishi mumkin.

O‘zbekistonda AESda radiatsiyaviy avariya yuz berganda harakat qilish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasida (AES) radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud bo‘lganda yoki avariya sodir bo‘lganda obyekt darajasidagi avariya holatini e’lon qilish, tezkor axborot uzatish va shoshilinch yordam ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining tegishli qarori asosida qabul qilingan yo‘riqnomada ma’lum qilindi.

Avariyaviy rejimlar va qaror qabul qilish

Hujjatga ko‘ra, AESda ikki turdagi maxsus rejim joriy etilishi mumkin. «Avariyaviy tayyorgarlik» rejimi radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi bo‘lganda, xususan, belgilangan normalar buzilganda yoki tashqi ta’sirlar (zilzila, yong‘in, suv bosishi) oqibatida xavfsizlik tizimlari ishida nosozlik kuzatilganda e’lon qilinadi.

«Avariyaviy holat» rejimi esa bevosita avariya sodir bo‘lganda, uning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va oqibatlarini bartaraf etish uchun kiritiladi.

«Atom elektr stansiyasida obyekt darajasidagi «Avariyaviy tayyorgarlik» yoki «Avariyaviy holat» rejimini e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari yoxud uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan qabul qilinadi», — deyiladi tasdiqlangan yo‘riqnomada.

Qayd etilishicha, rahbar bo‘lmagan taqdirda yoki u bilan aloqa o‘rnatish imkoni topilmasa, bu qaror AES smena boshlig‘i tomonidan qabul qilinishi belgilangan.

Tezkor xabar berish va vaziyat nazorati

Ma’lum qilinishicha, smena boshlig‘i avariya haqidagi dastlabki axborotni zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalariga hamda radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilish davlat tizimining tegishli organlariga yetkazishi shart.

Rejim e’lon qilingandan boshlab bekor qilinguniga qadar har 12 soatda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga hamda Atom energiyasi agentligiga radiatsiyaviy vaziyat, xavfsizlik holati va ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida aloqa kanallari orqali axborot berib boriladi.

Bundan tashqari, stansiya xodimlari bir sutkada kamida bir marta radiatsiyaviy vaziyatdan xabardor qilinib turilishi talab etiladi.

Avariyani boshqarish shtablari va tayyorgarlik mashqlari

Avariya oqibatlarini tahlil qilish va tezkor bartaraf etish uchun maxsus tuzilmalar, jumladan, ilmiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi ishchi guruh, shoshilinch yordam ko‘rsatish guruhi hamda ichki va tashqi avariyaviy boshqaruv shtablari tashkil etiladi.

Ichki shtab AES hududidagi himoyalangan boshqaruv punktida, tashqi shtab esa stansiya hududidan tashqaridagi xavfsiz joyda joylashadi.

Ta’kidlanishicha, xodimlar va qutqaruv kuchlarining shayligini tekshirish maqsadida yiliga kamida bir marta obyekt miqyosidagi avariyaga qarshi o‘quv mashqi o‘tkazilishi majburiy etib belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid