Logo

Qozog‘istonda AQSH ko‘magida yadroviy xavfsizlik markazi ochildi

Kecha 09:002 daqiqa

Yangi markaz radiatsion vaziyatni kuzatish, yadroviy hodisalarga tayyorgarlik ko‘rish va favqulodda holatlarda davlat idoralari harakatini muvofiqlashtiradi.

Qozog‘istonda AQSH ko‘magida yadroviy xavfsizlik markazi ochildi

Qozog‘istonda yadroviy va radiatsion hodisalarni monitoring qilish hamda favqulodda vaziyatlarga javob berishga ixtisoslashgan yangi markaz faoliyatini boshladi.

Markaz 2-oktabr kuni Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi huzurida AQSH Energetika vazirligining Yadroviy xavfsizlik milliy ma’muriyati (NNSA) ko‘magida tashkil etilgan.

Yangi markazning asosiy vazifalari radiatsiya holatini kuzatish va tahlil qilish, zarur ma’lumotlarni tezkor almashish hamda yadroviy yoki radiatsion hodisa yuz bergan taqdirda davlat organlari harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat.

Shuningdek, markaz mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va favqulodda vaziyatlarga javob berish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda ishtirok etadi.

Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi. Mamlakatda yadroviy tadqiqot obyektlari ham mavjud. Shu bilan birga, Qozog‘iston atom energetikasini rivojlantirish rejalarini amalga oshirmoqda.

Jumladan, Balxash ko‘li sohilidagi Ulken qishlog‘i yaqinida birinchi yangi atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Loyihada Rossiyaning «Rosatom» kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium ishtirok etmoqda. Mamlakat ikkinchi atom elektr stansiyasi uchun ham joy tanlagan va unda Xitoyning CNNC kompaniyasi ishtirok etishi kutilmoqda.

Yangi markazning tashkil etilishi Qozog‘istonda atom energetikasi rivojlanishi fonida yadroviy va radiatsion xavflarga tayyorgarlik tizimini kuchaytirishga qaratilgan.

Qozog‘iston, shuningdek, yadroviy va radiatsion favqulodda vaziyatlar haqida Xalqaro atom energiyasi agentligining xalqaro axborot almashinuvi tizimi orqali ham ma’lumot olishi va uzatishi mumkin.

Teglar