
Rossiya Zelenskiyni Moskvaga muzokaralar uchun taklif qildi
Abu-Dabi sammiti fonida Yuriy Ushakov Rossiya Zelenskiyning muzokaraga kelishi uchun xavfsizlik hamda barcha sharoitlarni ta’minlashga tayyorligini aytdi.

Moskva Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Voladimir Zelenskiyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralariga tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bayonot berdi.
U Moskva «bunday muloqotlardan» hech qachon voz kechmaganini, agar ular yaxshi tayyorlangan va aniq natijalarga erishishga qaratilgan bo‘lsa, bunga tayyorligini ta’kidladi.
Taklif
Ushakovning aytishicha, agar Zelenskiy uchrashuvga «haqiqatan ham tayyor» bo‘lsa, Rossiya tomoni uni Moskvaga taklif qiladi.
«Bunda uning xavfsizligi va ishlashi uchun zarur sharoitlar kafolatlangan holda ta’minlanadi», - dedi RF Prezidenti yordamchisi.
Abu-Dabi muzokaralari
Putin va Zelenskiyning ehtimoliy uchrashuvi 23-24-yanvar kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan hamda barcha uch delegatsiya tomonidan ijobiy baholangan AQSH, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralardan so‘ng muhokama qilina boshlandi. «Axios» nashri manbasi o‘shanda tomonlar «Putin va Zelenskiy uchrashuviga juda yaqin» ekanini xabar qilgan edi.
2025 yil kuzida Putin intervyularidan birida Zelenskiyga muzokaralar uchun Moskvaga kelishni taklif qilgan edi. O‘shanda Zelenskiy RF Prezidentining o‘zi Kiyevga kelishi mumkinligini aytib, taklifni rad etgandi.





