
Saidov Lavrovdan «Sen ruslarning qulisan» degan video bo‘yicha izoh talab qilmadi
27.08.2025 | 23:2519854
Bugun ikki davlat tashqi ishlar vazirlari telefon orqali suhbatlashdi. Biroq O‘zbekiston tomoni rus millatiga mansub bir yo‘lovchining o‘zbekistonlik taksi haydovchisini «ruslarning quli» deb haqorat qilgani bo‘yicha Lavrovdan izoh talab qilmadi.

Bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram’dagi kanalida yozdi.
Lavrov idorasiga ko‘ra, ular 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qilgan. Shuningdek, 9 oktyabr kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan «Rossiya-Markaziy Osiyo» ikkinchi sammiti oldidan Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari, xalqaro kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlik yuzasidan fikr almashgan,
Saidovning qayd etishicha, suhbat davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda kelajakdagi istiqbollari, shuningdek, bo‘lib o‘tadigan ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan.
«Savdo, investitsiya, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratdik», - deb yozgan vazir.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida #bizqulemasmiz (biz qul emasmiz) heshtegi ostidagi yangi fleshmob boshlangan edi. Bunga sabab, Rossiyada rus millatiga mansub bir yo‘lovchining o‘zbekistonlik taksi haydovchisini «ruslarning quli» deb haqorat qilgani bo‘lgandi.
Yurtdoshlarini himoya qilishga birinchi bo‘lib Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputati Rasul Kusherbayev bel bog‘ladi. Keyin Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari fuqarolari ham fleshmobni davom ettirdi.
Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda Rossiyada aksilmigratsion qonun-qoidalar kuchayib bormoqda. Ulardan xotin-qizlar bilan muloqot qilish borasida imtihon qilishdan tortib oshkora namoz o‘qimaslik, ona tilida pichirlab gaplashmaslik, rus tilini yaxshi bilish kabi talablar taklif qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Rossiyada bir million nafar o‘zbekistonlik mehnat qiladi. Ularning aksariyati hatto turli yo‘llar bilan Ukrainadagi urushga jalb qilinayotgani ham fakt. Ammo vazirlar bugungi suhbatda o‘zbekistonlik migrantlarga nisbatan kuzatilayotgan hurmatsizlik haqida hech qanday so‘z ochmagan.





