Shavkat Mirziyoyev Rossiya bilan hamkorlikning yangi bosqichini e’lon qildi
O‘zbekiston prezidenti Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Markaziy Osiyoning iqtisodiy ahamiyati ortib borayotgani ta’kidladi.
© Президент матбуот хизматиSankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yalpi yig‘ilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanayotganini bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mintaqa transport, texnologiya va demografik salohiyati orqali Shimol va Janub, G‘arb va Sharqni bog‘lovchi muhim kommunikatsiya chorrahasiga aylanmoqda.
Davlat rahbari mazkur tendensiyani mustahkamlash uchun transport va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bilan birga raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini ham integratsiya qilish zarurligini qayd etdi.
Prezidentning fikricha, iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan, ochiq va barqaror Markaziy Osiyo barcha sherik davlatlar manfaatlariga javob beradi.
Rossiya bilan hamkorlik kengaymoqda
Prezident Mirziyoyev Rossiyani O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherigi va ittifoqchisi deb atadi. Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi o‘n yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard dollardan 13 milliard dollargacha oshgan.
Bugungi kunda Rossiya ishtirokidagi qo‘shma loyihalar portfeli 50 milliard dollardan ortiqni tashkil etmoqda. Hududlararo hamkorlik doirasidagi loyihalar hajmi 5 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, yana 5 milliard dollarlik yangi investitsiya paketi tayyorlanmoqda.
Prezident shuningdek, Rossiya ishtirokida O‘zbekistonda birinchi gibrid atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha yangi muhandislik maktabini shakllantirish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
«Atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha boshqa sohalar – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilm-fanda ham hamkorlikda ish olib borish niyatidamiz», – dedi prezident.
Yangi tashabbuslar va investitsiyalar
Davlat rahbari «Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari» tashabbusini ilgari surib, uni Toshkentda o‘tkaziladigan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasi platformasida amalga oshirishni taklif qildi.
Loyiha sanoat klasterlari va ishlab chiqarish zanjirlarini yagona raqamli platforma orqali bog‘lashni nazarda tutadi.
Shuningdek, «Samarqanddan Peterburggacha» kreativ-turistik yo‘lagi loyihasini ishga tushirish taklif etildi.
Loyiha doirasida festivallar, muzey ko‘rgazmalari, gastronomik haftaliklar va madaniy tadbirlarni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.





