
Tadbirkor tanqid uchun jazolanmasligi kerak – Biznes-ombudsman
21.09.2025 | 21:0032862
Qurilish sohasidagi korrupsiya haqida ochiq gapirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatov ustidan bosim bo‘layotgani haqidagi xabarlar Biznes-ombudsman nazoratiga olindi. U tashkilot tadbirkorlarning erkin fikr bildirish huquqi qonun bilan kafolatlanganini eslatdi.

Biznes-ombudsman ma’lumotida aytilishicha, tadbirkor tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Unga ko‘ra, tadbirkorlarga nisbatan har qanday ta’qib holati qonun buzilishi sifatida baholanadi. Davlat organlari tadbirkorlarning fikrlarini eshitib, biznes yuritishga to‘sqinlik qiladigan muammolarni hal qilishga hamjihat bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Muntazam ravishda tadbirkorlarning ochiq mulohazalari davlat islohotlarini takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Agar tadbirkor soha rivojiga oid fikr bildirsa, bu jazoga emas, muammolarni yechish imkoniyati sifatida qabul qilinishi shartligiga urg‘u berildi.
Avvalroq tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov «Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor» degan da’vo bilan chiqqan edi. Shundan keyin Qurilish vazirligi uning ustidan IIVga rasmiy shikoyat yo‘llagani haqida xabar bergan edik.
Biznes-ombudsman holat yuzasidan tadbirkor huquqlarining to‘liq himoya qilinishini ta’minlashini ma’lum qildi.





