Logo

Talabalar yotoqxonalari 2030 yilgacha yetarli bo‘ladi — vazir

Bugun 08:303 daqiqa

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda 100 ming o‘rinli yotoqxonalar qurilgan. Biroq avvalgi davlat dasturida belgilangan 109,7 ming o‘rinlik rejaning qariyb uchdan biri bajarilmay qolgan.

Talabalar yotoqxonalari 2030 yilgacha yetarli bo‘ladi — vazir

O‘zbekistonda 2030 yilgacha barcha talabalarning ehtiyojini qoplaydigan darajada talabalar turar joylari qurib bitkaziladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov UzReport TV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Prezident qarori asosida mamlakatda talabalar yotoqxonalari sonini oshirish ishlari davom etmoqda. Yangi obyektlar asosan davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilmoqda.

«2030 yilgacha hamma talabalar ehtiyojini qondiradigan darajada yotoqxonalar qurib bitkaziladi», — dedi Sharipov.

Uning ta’kidlashicha, hozir kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalarning kamida 20 foizi viloyatlardan kelgan. Ularni yotoqxonalarga joylashtirish imkoniyati mavjud. Qolgan talabalar esa ijarada yashashi mumkin, bunda ijara haqining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Vazir so‘nggi 10 yil ichida mamlakatda 100 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan oldingi 100 yil davomida esa jami 55 ming o‘rinli yotoqxona barpo etilgan.

Avvalgi reja to‘liq bajarilmagan

Biroq yotoqxonalar qurilishi bo‘yicha avvalgi davlat dasturining ijrosi yuzasidan savollar mavjud.

2021 yil 10-sentabrdagi hukumat qarori bilan 2022–2025 yillarda respublikada 241 ta talabalar turar joyi qurish va qariyb 109,7 mingta yangi o‘rin yaratish rejalashtirilgan edi.

Keyinchalik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2022–2025 yillarda 74,1 mingta o‘rin yaratilganini ma’lum qildi. Bu dastlab belgilangan rejaning qariyb 67,5 foizi bajarilganini anglatadi. Vazirlik esa bu tafovut sabablarini to‘liq ochiqlamagan.

Shuningdek, 241 ta loyihaning nechta qismi foydalanishga topshirilgani, qancha obyekt kechikayotgani va nechta loyiha hali qurilish jarayonida ekani ham aniq ko‘rsatilmagan. Yaratilgan 74,1 ming o‘rinning qanchasi yangi qurilish, qanchasi rekonstruksiya yoki mavjud binolarni qayta jihozlash hisobiga yaratilgani ham ochiq qolgan.

Vaqt.uz avvalgi surishtiruvida ham ushbu masalaga e’tibor qaratgan edi. 2021 yilgi dasturda yotoqxonalar soni asosiy ko‘rsatkich sifatida belgilangan bo‘lsa, keyingi hisobotlarda asosan yaratilgan o‘rinlar soni keltirilgan.

Yotoqxonaga ehtiyojmand talabalar qanday joylashtiriladi?

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning aytishicha, yotoqxonalarga ehtiyoji bo‘lgan talabalar uchun maxsus platforma ishga tushirilgan.

Talabalar 15-avgustdan boshlab platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan yoshlar, keyin esa uzoq va chekka hududlardan kelgan talabalar yotoqxonalarga joylashtiriladi.

«Birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va imkoniyati cheklangan yoshlar yotoqxonaga joylashtiriladi. Keyin uzoq, chekka viloyatlardagi talabalarga imkoniyat beriladi», — dedi vazir.

Ayrim yotoqxona obyektlari savdoga chiqarilgan

Yotoqxonalar qurilishi davom etayotgan bir paytda ayrim talabalar turar joylariga tegishli obyektlarning ommaviy savdoga chiqarilgani ham muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Vazirlik Vaqt.uz surishtiruviga bergan munosabatida savdoga chiqarilgan ayrim obyektlar talabalar yashaydigan xonalar emas, balki yerto‘la, oshxona, bufet, hovli qismi va boshqa yordamchi maydonlar ekanini bildirgan.

Masalan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti yotoqxonasining 69,8 kvadrat metr bo‘sh hovli qismi, Farg‘ona davlat universitetidagi 40 kvadrat metr yerto‘la xonasi, Guliston davlat universitetidagi 37 va 52 kvadrat metrli bo‘sh xonalar, Urganch davlat universitetidagi 36 kvadrat metrli oshxona hamda boshqa obyektlar savdoga chiqarilgan.

O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga tegishli obyektlarning sotuvga chiqarilishi esa Prezidentning PF–70-son farmoni asosida amalga oshirilayotgani bildirilgan. Vazirlikka ko‘ra, universitetning mavjud binolari Yangi Toshkentdagi yangi kampus foydalanishga topshirilgach bo‘shatiladi. Shu bilan birga, universitet mablag‘lari va sotuvdan tushadigan mablag‘lar hisobidan 5 ming o‘rinli yangi talabalar turar joylari qurilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid