
Temiryo‘l vokzallarida nazorat o‘tkazish punktlari olib tashlandi
18.06.2025 | 10:4030792
Endilikda O‘zbekistondagi barcha temiryo‘l vokzallariga chiptasiz va hujjatlarsiz kirish mumkin. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yangi tartib orqali xavfsizlikni saqlagan holda yo‘lovchilar uchun katta qulayliklar yaratiladi.

Yangi tizimga muvofiq, vokzallarga kirishda avvalgi to‘siqlar va nazorat punktlari olib tashlandi. Bundan buyon yo‘lovchilardan hujjat yoki chipta talab qilinmaydi. Barcha tekshiruv ishlari vokzal binosi ichidagi yagona nazorat nuqtasida amalga oshiriladi. Bu yerda faqat yuklar rentgen apparati orqali tekshiriladi.
Yangi tizim orqali tekshiruvlar samaradorligi saqlanib, tezkorlik va qulaylik ta’minlanmoqda. Ayniqsa, Toshkent markaziy vokzalida o‘rnatilgan eskalatorlar platformalarga chiqishni ancha yengillashtirdi. Boshqa vokzallarda ham shu kabi texnika va inshootlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» mas’ullari qayd etishicha, mazkur yangilik xalqaro amaliyotga asoslangan bo‘lib, xavfsizlik choralarini susaytirmasdan, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Bundan buyon temiryo‘l qatnovlari orqali safar qilayotgan fuqarolar tezkor, erkin va qulay sharoitda vokzalga kira oladi. Bu esa transport sohasidagi yana bir islohot sifatida baholanmoqda.





