Xushnud Xudayberdiyev Prezident Administratsiyasida yangi lavozimga tayinlandi
Xushnud Xudayberdiyev Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
© Foto: tanga.uzO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishi bilan Xushnud G‘ayratovich Xudayberdiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Xushnudbek Xudayberdiyev 1989 yil 7-iyunda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. U Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olgan va 2012 yilda magistraturani tamomlagan.
U 2010–2013 yillarda universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 2013–2017 yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining yuridik bo‘limida yuriskonsult bo‘lib faoliyat yuritgan. Shu davrda Bosh prokuratura matbuot xizmatida ham ishlagan.
Xudayberdiyev 2012 yildan buyon Xushnudbek.uz shaxsiy saytini yuritib keladi. U jamoatchilikka bloger, huquqiy masalalar bo‘yicha sharhlovchi va «Zakovat» intellektual o‘yini ishtirokchisi sifatida ham tanilgan. 2019 yilda u yilning eng yaxshi blogeri deb topilgan.
2020 yil yanvar oyida Xushnudbek Xudayberdiyev Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori etib tayinlangan. O‘sha yilning iyul oyida esa O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari lavozimini egallagan.
2023 yil avgust oyida u O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.





