Logo

«Davr Bank»ning nomi o‘zgardi

Kecha 14:352 daqiqa

Ozarboyjonning ABB banki «Davr Bank»ning 51 foiz ulushini sotib olganidan keyin bankda korporativ o‘zgarishlar amalga oshirildi.

«Davr Bank»ning nomi o‘zgardi

«Davr Bank» aksiyadorlari 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishda bankning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqladi. Shuningdek, bank nomini «ABB Davr Bank» aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yangi nom ustav davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab rasman kuchga kiradi. Bank kundalik faoliyatida «ABB Davr» tijorat belgisidan foydalanadi. Ushbu belgini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish bank boshqaruviga topshirilgan.

photo_2026-10-15_12-42-19


Aksiyadorlar amaldagi kuzatuv kengashining besh nafar a’zosi vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Ular orasida bank asoschisi va raisi Lutfulla Ubayev hamda Mirkodir Mirzayatov, Atham Alimov, Ozoda Abdurahmonova va Shavkat G‘iyosov bor.

Kuzatuv kengashi yangilandi

Bankning yangi kuzatuv kengashi uch yil muddatga saylandi. Uning tarkibiga Taleh Tahirli, Agshin Amirov, Shafag Hasanova, Said Abudnabiev va Farhod Roziyev kirdi. So‘nggi uch nafar a’zo mustaqil a’zo maqomiga ega.

Taleh Tahirli va Agshin Amirov Ozarbayjonning ABB banki boshqaruvi raisining o‘rinbosarlari hisoblanadi. Ular avvalroq «Davr Bank»ni sotib olish va uni rivojlantirish rejalari bo‘yicha Markaziy bank bilan muzokaralarda qatnashgan.

Yangi kuzatuv kengashi raisi a’zolarning birinchi yig‘ilishida saylanadi. Uch nafar mustaqil a’zoga oyiga jami 180 million so‘m haq to‘lash belgilangan.

Boshqaruvga yangi rahbarlar keldi

«Davr Bank» boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari Ravshan Tojiyev va Alisher Qurbonov lavozimlaridan ozod etildi. Ularning o‘rniga Aynur Sulaymanli va Geybat Gadirov tayinlandi.

Yangi tarkibda boshqaruv raisi Abdulmajid Samadov bo‘lib qoldi. Rais o‘rinbosarlari etib Aynur Sulaymanli, Geybat Gadirov va Samarjon Nazarov tasdiqlandi.

Kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolarining nomzodlari Markaziy bank bilan kelishilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjonning ABB banki 10-sentabr kuni Toshkent fond birjasida «Davr Bank»ning 51 million dona oddiy aksiyasini 1,646 trillion so‘mga, ya’ni qariyb 140 million dollarga sotib olgan. Natijada bankning 51 foizlik nazorat paketi ABB ixtiyoriga o‘tgan.

Bitimdan keyin «S&P Global Ratings» «Davr Bank»ning uzoq muddatli kredit reytingini «B»dan «B+»ga ko‘targan va prognozni «barqaror» deb belgilagan. Agentlik bu qarorni zarurat tug‘ilganda bank ABB moliyaviy guruhidan yordam olishi mumkinligi bilan izohlagan.

Teglar

Mavzuga oid