Logo

O‘zbekiston nega eng qudratli davlatlar reytingida Qozog‘istondan ancha past natija oldi?

Kecha 13:303 daqiqa

Yevropaga yirik tabiiy gaz yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan birgina Jazoir iqtisodiyoti O‘zbekistonnikidan juda katta. Lekin Markaziy Osiyo davlati Afrika mamlakatidan sakkiz pog‘ona yuqorida joylashgan. Bu esa reyting faqat iqtisodiyot hajmiga qarab tuzilmaganini ko‘rsatadi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yuztalikka kirmadi.

O‘zbekiston nega eng qudratli davlatlar reytingida Qozog‘istondan ancha past natija oldi? © World Population Review

«World Population Review» nashrining 2026-yil uchun tuzilgan dunyoning eng qudratli davlatlari reytingida O‘zbekiston esa 71-o‘rinni egalladi.

Ana shu ro‘yxatda Qozog‘iston 34-o‘rinni band qildi. Qozog‘iston Misrdan (35-o‘rin) yuqoriroq joylashdi. Shuningdek, u Birlashgan Arab Amirliklari (37-o‘rin), Janubiy Afrika (38-o‘rin), Norvegiya (39-o‘rin), Saudiya Arabistoni (40-o‘rin), Pokiston (42-o‘rin) va Erondan (46-o‘rin) ham oldinda.

Sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida Rossiya 11-o‘rinni egalladi. Ukraina 51-o‘rindan, Belarus esa 57-o‘rindan joy oldi.

O‘zbekiston reytingda Kambodja (69-o‘rin) va Ummon (70-o‘rin)dan keyin qayd etildi. Biroq mamlakat Shri-Lanka (72-o‘rin), Estoniya (75-o‘rin), Keniya (77-o‘rin), Jazoir (79-o‘rin) va Armanistondan (80-o‘rin) yuqoriroq o‘rinni egalladi.

«World Population Review» ma’lumotlariga ko‘ra, reyting AQSHning «U.S. News & World Report» nashri tomonidan o‘tkazilgan «Best Countries» tadqiqotiga asoslangan. Unda mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy ta’siri, harbiy salohiyati, xalqaro hamkorlari hamda rahbariyatining mavqei hisobga olingan.

Qozog‘iston nima uchun yuqori o‘rinda?

Qozog‘istonning xalqaro maydondagi mavqei, avvalo, energetika va konchilik sohalari rivojlangani hamda ko‘plab davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgani bilan bog‘liq.

Mamlakat uran qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. 2025-yilda jahonda qazib olingan uranning taxminan 40 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, mamlakat 2025-yilda 78,7 million tonna neft eksport qilgan. Qozog‘iston neftni xalqaro bozorlarga yetkazib berish uchun keng quvurlar tarmog‘i va savdo hamkorliklaridan foydalanadi.

Qozog‘iston tashqi siyosatda bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik davlat bilan hamkorlik qilishga intiladi. Masalan, Ostona Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni saqlab qolgan holda, AQSH, Yevropa va boshqa hamkorlar bilan iqtisodiy hamda siyosiy munosabatlarni ham kengaytirmoqda. Mamlakatning uran sanoati ham bunday siyosatning namunasidir.

Qozog‘iston turli siyosiy bloklarga mansub davlatlar bilan savdo va sanoat aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari, temiryo‘l tarmog‘i, Xitoy bilan transport aloqalari va Kaspiy dengizidagi portlar Qozog‘istonning Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdodagi ahamiyatini oshiradi.

Osiyo va Yevropani bog‘lovchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, ya’ni «O‘rta yo‘lak» orqali 2025-yilda taxminan 4,1 million tonna yuk tashilgan. Shundan qariyb 77 mingta standart 20 futlik konteynerga teng yuk konteynerlar orqali tashilgan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti ham ancha yirik

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 147 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich reytingda O‘zbekistonga yaqin o‘rinlarni egallagan Ummon (110 milliard dollar), Shri-Lanka (109 milliard dollar) va Keniya (136 milliard dollar) iqtisodiyotidan katta.

Jazoir iqtisodiyoti esa qariyb 287 milliard dollarga teng. Mamlakat Yevropaga yirik tabiiy gaz yetkazib beruvchilardan biri bo‘lishiga qaramay, reytingda O‘zbekistondan sakkiz pog‘ona pastda joylashgan. Bu esa reyting faqat iqtisodiyot hajmiga qarab tuzilmaganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston ham xalqaro mineral xomashyo bozorida muhim o‘ringa ega. AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat 2024-yilda uran qazib olish bo‘yicha dunyoda beshinchi, oltin qazib olish bo‘yicha esa to‘qqizinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekiston hissasiga jahonda qazib olingan uranning 6,6 foizi va oltinning 3,9 foizi to‘g‘ri kelgan. Bu sohalar mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalarida muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning qariyb 39 million kishilik ichki bozori ham iqtisodiy salohiyatini oshiradi.

Dunyodagi eng qudratli 10 ta davlat

image_2026-10-15_11-47-10

Reytingning birinchi o‘ntaligidan Xitoy, AQSH, Hindiston, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Meksika va Italiya joy olgan.

Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari — Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston esa dunyoning eng qudratli 100 ta mamlakati ro‘yxatiga kiritilmagan.

Teglar

Mavzuga oid