«Saneg» kompaniyasining O‘zbekistondagi neft konlari bo‘yicha litsenziyalari bekor qilindi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz davlat ulushi 2022-yilning may oyida 100 mln dollar evaziga «Sanoat energetika guruhi» MCHJ kompaniyasiga sotilgandi. Biroq, investorning boshqa loyihalaridagi moliyaviy qiyinchiliklari sababli xarid to‘lovlari ketma-ket uch oy amalga oshirilmagan.
© Ijtimoiy tarmoqlarDavlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni «Sanoat energetika guruhi» (Saneg) kompaniyasiga avval berilgan neft konlaridan foydalanish huquqi bo‘yicha litsenziyalar belgilangan shartlar bajarilmagani sababli bekor qilinganini ma’lum qildi.
Murodov konlarning o‘zi xususiy mulkka o‘tkazilmaganini tushuntirdi. U kon baribir tabiiy resurs hisoblanishi, u xususiylashtirilmasligi yoki hech qanday xususiy shaxsga berilmasligini aytdi.
«Lekin bizda yer qa’rini foydalanish huquqi beriladi, ya’ni litsenziya beriladi. Shu yer qa’ridan foydalanish huquqi bo‘yicha litsenziya shu kompaniyaga berilgan. Shunga o‘xshash amaliyot boshqa kompaniyalarda ham bor», — dedi u.
Davaktiv rahbari yer qa’ridan foydalanish huquqiga ruxsat berish tartibini belgilaydigan 2022-yil 25-martdagi 133-son Vazirlar Mahkamasi qarorini asos qilib keltirdi. Uning urg‘ulashicha, avval kondan foydalanish litsenziyasi qonunchilikda belgilangan to‘lovni amalga oshirgan birinchi murojaatchiga berilishi mumkin bo‘lgan. To‘lov miqdori yer qa’rining xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilangan. Keyinchalik ruxsat berish mexanizmi o‘zgargan.
«Keyinchalik yangi amaliyot kiritildi. Uglevodorodlar bo‘yicha ham litsenziya berish huquqi auksionga o‘tkazildi. Bu 2023−2024-yildan bosqichma-bosqich o‘tkazilgan narsa», — dedi Murodov.
«Saneg» kompaniyasi avvalroq litsenziya olgan konlarning hozirgi holati ham aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga qaraganda, konlar «oborot»ga kiritilmagani va litsenziya shartlari bajarilmagani uchun bugungi kunda bu bekor qilingan. Bugungi kunda Tog‘-kon va geologiya vazirligi tomonidan bundan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Ammo Davaktiv boshlig‘i aynan nechta litsenziya bekor qilingani, gap qaysi konlar haqida ketayotgani, tegishli qarorlar qachon qabul qilingani va «Saneg» foydalanishida nechta yer qa’ri uchastkasi qolganini ma’lum qilmadi.
«Saneg» kompaniyasining rasmiy saytida kompaniya foydali qazilmalarni geologik o‘rganish va qazib olish uchun litsenziyalar rasmiylashtirilgan 103 ta neft-gaz konidan foydalanish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz davlat ulushi 2022-yilning may oyida 100 mln dollar evaziga «Sanoat energetika guruhi» MCHJ kompaniyasiga sotilgan edi.
Biroq, investorning boshqa loyihalaridagi moliyaviy qiyinchiliklari sababli xarid to‘lovlari ketma-ket uch oy amalga oshirilmagan. 2026-yil iyun oyida jamoatchilik Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi to‘liq davlat nazoratiga qaytarilgani haqida xabar topdi, ammo rasmiylar darhol izoh bermadi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz davlat ulushi «Saneg»ga sotilgandan keyin zavod 2023-yilda 469,6 mlrd so‘m, 2024-yilda esa 220 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Xususiylashtirish bitimi tuzilganidan keyin ham yillar davomida FNQZning 58,5 foiz nazorat paketi Davaktiv ixtiyorida qolayotgandi. Bu kelishilgan pul davlatga to‘liq to‘lanmagani bilan izohlanib kelindi. 2025-yilda sof foyda bilan ishlab kelgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining moliyaviy holati yomonlashib ketdi. Xususan, kompaniya o‘tgan yilni 538,1 mlrd so‘m miqdoridagi sof zarar bilan yakunlagan. Yillik tushum 2,3 trlndan 1,9 trln so‘mgacha kamayib ketgan. Moliyaviy natijalarning keskin yomonlashib ketishi valuta kurslari farqining ta’siri bilan bog‘langan. Zavodning uzoq muddatli qarzlari 3,2 trlndan 3,3 trln so‘mga ko‘paygan, qisqa muddatli qarzlar esa 1,2 trln so‘m darajasida saqlanib qolgan.





