Qashqadaryoda yangi gaz koni topildi
G‘uzor tumanidagi «Burisoy» konida quduq sinovlari davomida sanoat miqyosida gaz va kondensat oqimi olindi. Quduqdan kuniga 400 ming kub metrgacha gaz olinmoqda.
© UzbekneftgazQashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida «Burisoy» nomli yangi gaz-kondensat koni aniqlandi. Bu haqda Sho‘rtan hududida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotda xabar berilgan.
Quduqni sinovdan o‘tkazish jarayonida sanoat miqyosida tabiiy gaz va kondensat oqimi olingan. Ma’lumotga ko‘ra, quduqdan bir sutkada 300 mingdan 400 ming kub metrgacha gaz chiqmoqda.
Quduqni burg‘ilash ishlari 5-avgustda boshlangan. Ushbu ishlarni «O‘zneft burg‘ulash ishlari» MCHJ amalga oshirgan. Mutaxassislar qisqa vaqt ichida 3 159 metr chuqurlikka yetib borgan.
«O‘zbekgeofizika» AJ o‘tkazgan sinovlarda 2 842 metrdan 3 001 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi qatlamlardan gaz va kondensat oqimi olingan.
Hozirda mutaxassislar mahsuldor qatlamlarning xususiyatlarini o‘rganib, konning imkoniyatlarini baholamoqda.
Sinovlar yakunlanganidan keyin, 15-oktabrdan gazni qayta ishlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Keyinchalik uni iste’molchilarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Yil oxirigacha «Burisoy» konida ikkinchi qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalar qariyb 17 mlrd kub metr gaz qazib olgani haqida xabar berilgandi.





