Logo

Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi

Bugun 13:452 daqiqa

Turizm sohasidagi startap loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Subsidiya har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihaga ajratiladi.

Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Turizm sohasida yangi xizmatlarni ishlab chiqib, ularni amaliyotga joriy etayotgan startaplar uchun davlat subsidiyasi ajratiladi. Bu tartib hukumat qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentda belgilandi.

Unga ko‘ra, startap loyihasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Biroq bir loyiha uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 1 mlrd so‘mdan oshmaydi.

Mablag‘ har yili turizm sohasidagi eng yaxshi 10 tagacha startap loyihasiga beriladi. Demak, subsidiya avtomatik tarzda emas, loyihalarni saralash va baholash natijalari asosida ajratiladi.

Ariza va baholash tartibi

Subsidiya olishni istagan talabgorlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — «my.gov.uz» orqali ariza topshirishi mumkin.

Arizalar Turizm qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Loyihalarni baholash uchun qo‘mita raisi tomonidan maxsus komissiya tuziladi.

Ariza kelib tushganidan keyin 5 ish kuni ichida talabgorga suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboriladi. Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgor va uning startap loyihasi belgilangan talablarga mosligini o‘rganadi.

Baholashda loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, turistlar uchun dolzarbligi hamda bozorda ilgari mavjud bo‘lmagan yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechim taklif qilishi asosiy mezonlardan bo‘ladi.

Mablag‘ qachon o‘tkaziladi

Komissiya xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi 7 ish kuni ichida subsidiya mablag‘larini talabgorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Yangi mexanizm turizm bozorida raqamli xizmatlar, yangi turistik mahsulotlar va innovatsion yechimlarni yaratishni rag‘batlantirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, davlat mablag‘i faqat tanlab olingan va belgilangan mezonlarga javob beradigan loyihalarga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xivada 12 gektarlik xalqaro turizm shaharchasi qurilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid