«Yo‘lni kengaytirish tirbandlikni hal qilmaydi». Urbanist BIYda ko‘prik o‘rniga yangi loyihani taklif qildi
Toshkentdagi Buyuk Ipak Yo‘li chorrahasida qurilishi rejalashtirilgan ko‘prik loyihasiga urbanist arzon va piyodalarga qulay muqobil variantni taklif qildi.
© Тошкент шаҳар ҳокимлиги4-aprel kuni Toshkent shahar hokimligida poytaxt ko‘chalarini tartibga solishga qaratilgan yangi loyihalar taqdimoti va jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tgan edi. Taqdimotda eng katta munozaralarga sabab bo‘lgan loyiha – Buyuk Ipak Yo‘li (BIY) metro bekati chorrahasida qurilishi mo‘ljallangan yo‘l o‘tkagich ko‘prik bo‘lgandi. Ko‘prik ikki qavatli va aylanma harakatga asoslangan bo‘ladi.
Urbanist Iskandar Soliyev asosiy maqsadi avtomobil o‘tkazuvchanligini 130 foizga oshirish bo‘lgan mazkur loyihani shaharsozlik nuqtai nazaridan tahlil qilib, ancha tejamkor hamda zamonaviy muqobil variantni ishlab chiqdi.
Hozirgi holat
Bugungi kunda Mustaqillik, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi ushbu chorrahadan har kuni 286 ming nafar piyoda va 140 ming dona avtomobil o‘tadi. Urbanist piyodalar soni avtomobillardan deyarli 2 baravar ko‘p bo‘lishiga qarmasdan, ko‘chaning tuzilishi bunga mutlaqo mos emasligini qayd etadi. Ya’ni, ko‘cha kengligining 81.8 foiz qismi avtomobillar uchun ajratilgan. 286 ming piyoda uchun esa atigi 6.8 metr (umumiy maydonning 10 foizi) joy qolgan.

«Yerosti o‘tkazgichidan o‘tish uchun piyoda 90-100 metr masofani bosib o‘tishi kerak. Bu keksalar, bolali ota-onalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun katta qiyinchilik tug‘diradi», – deb yozadi Soliyev.
Urbanist hokimiyat taklif qilayotgan taxminan 20–40 million dollarlik loyiha amalga oshsa nimalar bo‘lishini ham prognoz qilgan. Unga ko‘ra, ko‘cha kengligi 66 metrdan bo‘lsa-da, lekin piyodalarning yo‘lni kesib o‘tish masofasi yanada uzunlashadi. Piyodalar maydoni yana 2 baravarga (10 foizdan 5 foizgacha) qisqaradi.

«Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yo‘l kengayishi tirbandlikni yechmaydi, balki ko‘proq mashinalarni jalb qiladi. 2-3 yildan keyin tirbandlik oldingidan ham battar holatga qaytadi», – deydi Iskandar Soliyev.
Urbanist nimani taklif qilyapti?
Iskandar Soliyev «Qancha ko‘p mashina o‘tkazish mumkin?» degan savolni emas, «Qancha ko‘p odamni qulay o‘tkazish mumkin?» degan savolni o‘rtaga tashlagan. U o‘zi taklif qilgan muqobil variantda ko‘cha markazida avtobuslar uchun maxsus ajratilgan yo‘lakni hokimiyat berilgan taklifdagidek yo‘lning markazida qoldirgan. Biroq u zamonaviy svetoforlar boshqaruvidagi qisqa va xavfsiz yerusti o‘tish yo‘laklari orqali o‘tishlari ta’minlashni taklif qilmoqda. Urbanistga ko‘ra, bu orqali o‘tish masofasi 100 metrdan 25-30 metrgacha qisqaradi.

Shuningdek, muqobil variantda yashil maydonlarni kamaytirish emas, balki 15.4 foizga (+0.39 gektar) ko‘paytirish taklif qilinadi. Chorraha atrofida 2.92 gektar umumiy dam olish maskanlari yaratiladi.
«Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, pocket parklar va piyodalar uchun qulay muhit atrofidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining daromadini 20-30 foizga oshiradi», – deydi Iskandar Soliyev.

Urbanist muqobil loyihaning narxini 3–5 million dollar atrofida baholamoqda (park bilan birga). Soliyev tejalgan 30 million dollar evaziga yana 5-7 km BRT (Bus Rapid Transit – tezkor avtobus yo‘nalishi) yo‘li qurish, shaharning boshqa qismlarida 3-4 ta yirik bog‘ yaratish yoki bir nechta maktab va shifoxonalarni zamonaviy ta’mirlash mumkinligini aytadi.
«Shaharalar ichida yo‘l o‘tkazgich – bu XX asrning eskirgan yechimi. Zamonaviy dunyo «ko‘priklar» qurishdan voz kechib, jamoat transporti va piyodalar qulayligiga sarmoya kiritmoqda. 286,000 nafar piyoda beton konstruksiyalar orasida sargardon bo‘lishga emas, balki xavfsiz, yashil va inson markazli ko‘chada yashashga loyiqdir», – deydi urbanist Iskandar Soliyev.





