Xonadonlarni gaz ballonlari bilan ta’minlash tartibi belgilandi
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
© Фото: «Ҳудудгазтаъминот» АЖO‘zbekiston Respulikasi Vazirlar Mahkamasining kecha, 17-aprel kuni qabul qilingan 180-son qarori bilan «Turarjoy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi. Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni «E-gaz» dasturida shakllantiradi.
1 ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshiradi. 3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta’minlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Shartnoma tuzish
Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan «Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida» va «Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida»gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida ariza beruvchi «Face ID» tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.





