Rossiyaning maxfiy kriptobirjasidan 1 mlrd rubl o‘g‘irlandi: buning ortida kim turibdi?

Bugun 08:552 daqiqa

Sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun yaratilgan yirik kriptobirja kutilmaganda faoliyatini to‘xtatdi. Milliardlab mablag‘larning g‘oyib bo‘lishi ortida maxsus xizmatlar turgani aytilmoqda.

Rossiyaning maxfiy kriptobirjasidan 1 mlrd rubl o‘g‘irlandi: buning ortida kim turibdi?

Rossiya tomonidan yaratilgan va sanksiyalarni aylanib o‘tishda foydalaniladigan «Grinex» kriptobirjasi yirik kiberhujumga uchraganini ma’lum qildi. Hujum oqibatida rossiyalik foydalanuvchilarga tegishli bo‘lgan 1 mlrd rubldan ortiq mablag‘ o‘g‘irlab ketilgan.

Birja vakillarining ta’kidlashicha, raqamli izlar va hujumning murakkabligi bunga bevosita xorijiy davlatlarning maxsus xizmatlari aloqador ekanini ko‘rsatmoqda. «Grinex» buni Rossiyaning moliyaviy suverenitetiga zarba berish maqsadida qilingan harakat deb baholab, politsiyaga ariza bergan va o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.

Sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemasi

Mazkur platforma 2025 yilda AQSH tomonidan Moskvaning «Garantex» birjasi bloklanganidan so‘ng zudlik bilan ishga tushirilgan edi. Bu yerda oddiy rubl va «USDT»dan tashqari, «A7A5» nomli maxsus kriptovalyuta ham savdoga qo‘yilgan. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri rublga bog‘langan ilk steyblkoin hisoblanadi.

«Promsvyazbank» va bankir Ilan Shor tomonidan yaratilgan ushbu token qisqa vaqt ichida Rossiyaga qarshi sanksiyalar sharoitida transchegaraviy hisob-kitoblar uchun asosiy vositaga aylandi. 2026 yil boshiga kelib uning aylanmasi 100 milliard dollarga yetgan edi. Aynan shu sababli 2025 yilning avgustida London va Vashington birjaga qarshi rasman sanksiyalar kiritgan.

G‘arb davlatlari ushbu kriptobirja Rossiya hukumati bilan moliyaviy sektorda hamkorlik qilish orqali katta foyda ko‘rayotganini ta’kidlab keladi. Bundan tashqari, u kiberjinoyatchilarga yordam berganlikda ayblangan eski platformaning davomchisi sifatida ham qora ro‘yxatga olingan.

O‘g‘irlangan mablag‘lar qayerda?

Birjaning ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar o‘g‘irlangan mablag‘larni zudlik bilan almashtirish servislari orqali «TRX» kripto-aktiviga o‘girgan. Hozir taxminan 15 mln dollarga teng (45,9 mln TRX) mablag‘ bitta umumiy manzilda saqlanmoqda.

Ayni paytda platforma saytiga kiruvchilar faqatgina «sifat va barqarorlikni yaxshilash uchun texnik ishlar olib borilmoqda» degan yozuvni ko‘rishlari mumkin.

Birjaning ismi sir tutilgan vakili bu holatni shunday izohladi: «Bugungi kunda milliy moliyaviy sektorni izdan chiqarishga qaratilgan urinishlar yangi bosqichga chiqdi — endi murakkab kiberhujumlar orqali Rossiya fuqarolari va kompaniyalarining aktivlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri talon-toroj qilish boshlandi».

Teglar

Mavzuga oid