AQSH-Eron mojarosining 51-kuni

Bugun 18:253 daqiqa

Vashington Eron portlari qamalini bekor qilmagunicha, Tehron strategik Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopiq holda saqlaydi.

AQSH-Eron mojarosining 51-kuni © Reuters

AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik fonida strategik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana yopildi. Tehron Vashington tomonidan Eron portlariga qo‘yilgan qamal bekor qilinmaguncha ushbu muhim dengiz savdo yo‘li yopiq qolishini e’lon qildi.

Eron parlamenti spikeri muzokaralarda muayyan siljishlar borligini, biroq yakuniy tinchlik bitimiga erishishga hali «uzoq» ekanini ta’kidladi.

Pokistondagi oliy darajadagi muzokaralar hozircha kelishuvsiz yakunlangan bo‘lsa-da, vositachilar o‘z sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bo‘g‘ozdan ruxsatsiz o‘tishga bo‘lgan har qanday urinish «dushman bilan hamkorlik» sifatida baholanishini va qoidabuzar kema nishonga olinishini ma’lum qildi.

Shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi amaldagi ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi, agar muddati uzaytirilmasa, 22-aprel kuni o‘z nihoyasiga yetadi.

Erondagi vaziyat

  • Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar davom etmoqda.

«AQSH prezidenti Donald Tramp Eronni uning yadroviy huquqlaridan mahrum qilish uchun hech qanday asosga ega emas», — dedi Mas’ud Pizishkiyon.

  • 18-aprel kuni Eron oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy mamlakatning «jasur harbiy-dengiz kuchlari dushmanlarga yangidan-yangi achchiq mag‘lubiyatlar alamini tottirishga tayyor» ekanini ta’kidladi. 

  • Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Said Xatibzoda Trampning uran bo‘yicha da’volarini rad etib, ikki davlat o‘rtasidagi kelgusi muzokaralar borasida ehtiyotkorlikka chaqirdi.

  • Ta’lim vaziri Alirizo Kozimiy hukumat hozircha «an’anaviy ta’lim» formatini tiklash niyatida emasligini ma’lum qildi.

  • «Tasnim» axborot agentligining Eron Fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti rahbari o‘rinbosariga tayanib xabar berishicha, mamlakat havo hududi yana ochiladi va sharqdan g‘arb tomon parvozlar bosqichma-bosqich tiklanadi.

Urush diplomatiyasi

  • Eron parlamenti spikeri va Tehronning muzokaralardagi vakillaridan biri Muhammad Boqir G‘olibof 18-aprel kuni tunda qilgan telemurojaatida Vashington bilan muzokaralarda «siljish» borligini ta’kidladi. Biroq u Isroil va AQSH tomonidan boshlangan urushni tugatish yo‘lida «hali ko‘plab kelishmovchiliklar va ochiq qolayotgan asosiy masalalar mavjudligini» hamda tomonlar «yakuniy qarorga kelishdan uzoq» ekanini qo‘shimcha qildi.

  • Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning kutilayotgan ikkinchi bosqichi oldidan Saudiya Arabistoni, Qatar va Turkiyaga qilgan diplomatik safarini yakunlab, 18-aprel kuni vataniga qaytdi.

  • Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdulati Qohira va Islomobod «yaqin kunlar ichida» yakuniy kelishuvga erishilishidan umidvor ekanini ma’lum qildi.

AQSHdagi vaziyat

  • Donald Tramp Eronni so‘nggi harakatlarida «biroz ayyorlik» qilayotganlikda aybladi. U Tehronni bo‘g‘oz masalasida turlicha qarorlar qabul qilib, Vashingtonni «shantaj qilishga» urinmaslik haqida ogohlantirdi.

  • Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda prezident muzokaralar «juda yaxshi kechayotganini» aytib, Vashington mazkur masalada «qat’iy pozitsiyani» egallab turganini qo‘shimcha qildi.

  • AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron portlarining dengizdan qamal qilinishi doirasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida 23 ta kema ortga qaytarilganini bildirdi. Qo‘mondonlikning «X» tarmog‘idagi sahifasida yozilishicha, AQSH kuchlari «Eron portlari va sohilbo‘yi hududlariga kirayotgan yoki u yerdan chiqayotgan kemalarga nisbatan» qamalni hamon davom ettirmoqda.

Isroildagi vaziyat

  • Isroil armiyasi Livan janubidagi janglarda yana bir askari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu so‘nggi 12 soat ichida berilgan ikkinchi shunday xabardir.

  • Isroil kuchlari qamal ostidagi G‘azo sektoridagiga o‘xshash, Livan janubida ham o‘ziga xos «sariq chiziq» tortganini bildirdi. Shu bilan birga, Isroil Livan bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini buzayotganlikda ayblanmoqda.

  • Tel-Aviv meri 18-aprel kungi bayonotida Eron bilan so‘nggi urush oqibatida shahardagi mingdan ortiq uy yashash uchun yaroqsiz holga kelganini ta’kidladi.

Livandagi vaziyat

  • BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 18-aprel kuni Livandagi BMT muvaqqat kuchlari tarkibida xizmat qilayotgan fransiyalik tinchlikparvar askarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumni keskin qoraladi.

  • Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Livanning «Hizbulloh» harakati rahbari Naim Qosim guruhga qarashli «Al-Manar» telekanali orqali bayonot berdi. U AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan Livan va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bitimi matnini «amalda hech qanday ahamiyatga ega emasligini va bu mamlakat uchun haqorat» ekanini aytdi.

«Livan hukumati bu bitimni muhokama qilmagani va tasdiqlamaganini hamma juda yaxshi biladi», — deya qo‘shimcha qildi Naim Qosim.

Teglar

Mavzuga oid