«Har bir bank islomiy bank darchasini ochishi kerak» — xalqaro ekspert

Bugun 12:552 daqiqa

Saudiya Arabistoni, Pokiston va Malayziya islom moliyasi tizimi eng rivojlangan davlatlar hisoblanadi. O‘zbekistonda ham ushbu tizimni joriy etish faollashmoqda: jumladan, 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida «islomiy bank darchasi» ochilishi, 10 dan ortiq banklar ushbu xizmatlarga tayyorgarlik ko‘rishi rejalashtirilgan.

«Har bir bank islomiy bank darchasini ochishi kerak» — xalqaro ekspert © https://hmetro.com.my

27-mart kuni O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish bo‘yicha qonun qabul qilindi. Prezident mazkur hujjatni imzolab, islomiy bank faoliyatini joriy etishga yo‘naltirilgan islohotlarga start berdi.

Qonun qabul qilinganidan keyin xorijiy tajriba asosidagi o‘tkazilgan birinchi amaliy malaka oshirish tadbirida islomiy bankchilik va takaful sohasida taniqli xalqaro Shariat eskperti Muhammad Ibrohim Essa ishtirok etdi.

U kishi Fatvo markazi xodimlari, bank vakillari hamda O‘zbekiston Markaziy bankidan kelgan mutaxassislarga islomiy banklarda islomiy moliya tizimi, uning vazifa va mas’uliyatlari haqida amaliy bilim va tushunchalar berdi.

«Bugungi kunda Saudiya Arabistoni, Pokiston va Malayziya islom moliyasi tizimi eng rivojlangan davlatlar hisoblanadi. Bu uch mamlakat islomiy bank ishi sohasida juda ilgarilab ketgan. Va ishonchim komilki, bu uch davlatning tizimi bu yerga juda tez kirib keladi, chunki bu borada xabardorlik bor, odamlarda ehtiyoj bor va islomiy bank tizimida foyda bor. Ishonamanki, hukumat ko‘magi bilan bu ishlaydi va bitta taklifim shuki, har bir bank «islomiy bank darchasi»ni ochishi kerak. Shunda ushbu tizim juda tez rivojlanadi», deydi Muhammad Ibrohim Essa.

Mazkur tadbirning ahamiyati shundaki, unda banklar uchun dolzarb bo‘lgan muhim mavzu  islomiy moliya kengashining qanday ishlashi, uning institutsional o‘rni va amaliy faoliyat tartibi keng yoritib berildi.

«Islomiy moliya kengashining faoliyati ikki turga bo‘linadi. Birinchisi: maslahat berish. Ular maslahat berishadi, hujjatlarni tasdiqlashadi, ular tasdiqlovchi organdir. Ikkinchisi — nazorat roli. Ular tekshirishadi, kuzatib borishadi, bank Islom tamoyillariga muvofiq ishlayaptimi yoki yo‘qmi, shuni nazorat qilishadi. Demak, bu ikki vazifani islomiy moliya kengashi bajaradi», deb qo‘shimcha qiladi islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert Muhammad Ibrohim Essa.

Hujjat islomiy moliya operatsiyalarining olti turini belgilaydi va uch oydan keyin kuchga kiradi. Bu jarayonda banklar va islomiy institutlar tomonidan kelgusida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorgalik bosqichlari amalga oshirilmoqda.

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 17

Barchasi

Mavzuga oid