O‘zbekistonda qaysi davlat korxonalari ko‘p?
So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning umumiy soni 1,4 barobarga ko‘paygan.
© yandexsmartcamera2026 yil 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 19 072 ta chet el ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu korxonalarning 4 392 tasi qo‘shma korxonalar bo‘lsa, 14 680 tasi to‘liq xorijiy sarmoya asosida tashkil etilgan. Bu esa mamlakat iqtisodiyotida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokining ortib borayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi 5 yillik o‘zgarish
So‘nggi besh yil ichida mazkur ko‘rsatkichlar sezilarli darajada o‘sgan. Jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning umumiy soni 1,4 barobarga ko‘paygan. Shu bilan birga, to‘liq xorijiy korxonalarning ulushi 55,5 foizdan 77 foizgacha oshgani qayd etilgan.
Mamlakatlar ko‘rsatkichi
Eng ko‘p korxona Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, ularning soni 5 398 tani tashkil qiladi. Shuningdek, Rossiya (3 260 ta) va Turkiya (2 186 ta) investitsiyalari ham yuqori o‘rinlarni egallagan.
Ro‘yxatidan Qozog‘iston (1 240 ta), Janubiy Koreya (714 ta), Afg‘oniston (655 ta), Ozarbayjon (442 ta), Tojikiston (427 ta), Birlashgan Arab Amirliklari (425 ta) va Hindiston (398 ta) ham o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq faoliyat turlari kesimida xorijiy korxonalarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelishi haqida xabar bergan edik. 2025 yilda bu yo‘nalishda 6 403 ta korxona ish yuritib, umumiy xorijiy biznesning eng katta qismini tashkil etgan.


