Arzon neft davri tugadimi? — Erondagi urushning jahon iqtisodiyotiga yashirin zarbasi

Erondagi urush sabab neft narxi boshqa hech qachon asl holatiga qaytmasligi mumkin. Bu nafaqat benzin, balki kundalik hayotimizdagi oddiy buyumlarga ham dahshatli ta’sir qiladi.

Arzon neft davri tugadimi? — Erondagi urushning jahon iqtisodiyotiga yashirin zarbasi © Reuters

Erondagi urush global iqtisodiyot matritsasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilgan taqdirda ham, yonilg‘i narxlari avvalgi «normal» holatiga qaytmasligi xavfi bor. Xaridorlar endilikda o‘zlarini sug‘urtalash maqsadida neftni oldindan sotib olishga majbur bo‘lmoqda, bu esa xarajatlarni keskin oshirmoqda.

«Independent» nashrining yozishicha, kemalarni sug‘urtalash xarajatlari osmonga sakragan va tankerlar Yaqin Sharqni uzoqdan aylanib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Tranzit yo‘llari uzayib, ta’minot zanjirlari ko‘z o‘ngimizda uzilmoqda. Dengizdagi har bir ortiqcha milya masofa esa AYQSHlardagi benzin narxiga qo‘shimcha sentlar bo‘lib qo‘shiladi.

Kundalik hayotimizdagi «yashirin neft»

Xomashyo narxining keskin oshishi faqatgina haydovchilarga emas, balki barchaga zarba beradi. Neft narxi istalgan yakuniy mahsulot qiymatiga bevosita ta’sir qiladi: avval benzin va dizel, keyin tovarlar logistikasi qimmatlashadi. So‘ngra qishloq xo‘jaligi jabr ko‘radi, chunki o‘g‘itlarning aksariyati neft-kimyo mahsulotlaridan olinadi.

AQSH Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, neft 6000 dan ortiq kundalik iste’mol tovarlari tarkibida mavjud. Ular orasida:

  • aspirin va boshqa dori-darmonlar;

  • idish yuvish vositalari;

  • tish pastasi va bo‘yoqlar;

  • har qanday ko‘rinishdagi plastik mahsulotlar bor.

Shuningdek, qurilish sohasi ham o‘ta qimmatlashmoqda. Asfalt, quvurlar, izolyatsiya va bo‘yoqlar neftni qayta ishlashning qo‘shimcha mahsulotlaridir. Energetika inqirozi avtomatik ravishda uy-joylarni oddiy odamlar uchun yetib bo‘lmas darajaga olib chiqadi.

Dunyo iqtisodiyoti strategiyasini o‘zgartirmoqda

2020 yilgacha dunyo biznesda «ayni vaqtida» tamoyili asosida ishlagan — kompaniyalar faqat bugungi kun uchun kerakli miqdordagi neftni sotib olgan. Bu arzon va samarali edi. Ammo Ukraina va Erondagi urushlar hammasini o‘zgartirdi.

Endilikda davlatlar va yirik biznes «har ehtimolga qarshi» tamoyili bilan ulkan zaxiralar to‘plashga o‘tmoqda. Yangi omborlar qurish va strategik zaxiralarni saqlash xarajatlari esa yakunda oddiy iste’molchilarning gardaniga tushadi. Natijada istalgan mahsulotning tannarxi oshadi.

Yaqin Sharqdagi ishlab chiqarish quvvatlari jiddiy zarar ko‘rgan va ularni tiklash uchun yillar kerak bo‘ladi. Muammo yer ostida neftning bor-yo‘qligida emas, balki uni avvalgidek arzon va katta hajmda yetkazib berishning imkonsiz bo‘lib qolayotganidadir.

Joriy vaziyat va qo‘rqinchli prognoz

Donald Trampning Eron bilan muzokaralar haqidagi bayonotlari fonida narxlar biroz pasaygan bo‘lsa-da, ekspertlar tinchlik bitimi tuzilguniga va bo‘g‘ozda erkin kema qatnovi tiklanmaguniga qadar neft barreli 80 va 100 dollar oralig‘ida tebranib turishini bashorat qilmoqda.

Shu bilan birga, Xalqaro energetika agentligi (XEA) Osiyo va Yevropa hukumatlari bilan zaxiralarni bozorga chiqarish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. XEA mutaxassislari 1970-yillardagidan ham dahshatliroq bo‘lgan yangi global «neft shoki» yuz berishi mumkinligidan jiddiy ogohlantirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Arzon neft davri tugadimi? — Erondagi urushning jahon iqtisodiyotiga yashirin zarbasi | Vaqt.uz