Mubashshir Ahmad boshqa koloniyaga ko‘chirildi

Bugun 10:142 daqiqa

Taniqli diniy olim Mubashshir Ahmad jazo muddatini o‘tash joyi Tovoqsoy koloniyasiga ko‘chirildi.

Mubashshir Ahmad boshqa koloniyaga ko‘chirildi © Foto: Kun.uz

Taniqli diniy olim va jamoat faoli Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) jazoni ijro etish muassasasidan boshqa hududga ko‘chirildi. U shu paytgacha Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi koloniyada saqlanayotgan edi.

Yaqinlarining ma’lum qilishicha, u endilikda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Tovoqsoy qishlog‘idagi jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkazilgan. Hozirda u shu yerda jazo muddatini davom ettirmoqda.

Ko‘chirilish jarayoni kutilmagan tarzda amalga oshirilgani qayd etilmoqda. Bu haqda rasmiy idoralar tomonidan hozircha aniq izoh berilmagan.

Odatda mahkumlarni boshqa muassasaga ko‘chirish amaliyoti saqlash tartibini o‘zgartirish, xavfsizlik masalalari yoki mahkumning sog‘lig‘i kabi omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq mazkur holatda qanday omillar asos bo‘lgani noma’lumligicha qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov 2025 yil 8-oktabr kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani sudi hukmi bilan 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Shundan so‘ng, Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilgan.

Kasalligi tasdiqlangan

Alisher Tursunovning advokatlari yanvar oyida mijozining ahvoli keskin yomonlashib borayotgani sabab ortiq jazo muddatini o‘tolmasligi haqida bayonot bilan chiqqandi. Ammo keyinroq Oliy majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Navoiydagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif qilib, mahkum Alisher Tursunovning tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini qayd etgan.

Keyinchalik Alisher Tursunov chuqurlashtirilgan tibbiy muolajalar uchun Toshkentdagi «Sangorod» deb nomlanuvchi jazoni ijro etish boshqarmasi shifoxonasiga o‘tkazilgan. Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan jazoni qamoqda o‘tashga monelik qiluvchi og‘ir kasallik — qandli diabetning og‘ir shakli bilan og‘riyotgani tasdiqlangan.

Xususan, diniy ulamo Mubashshir Ahmadga aniq tashxis qo‘yilgan «Qandli diabet II tipi» – qo‘shma qarordagi «Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar» ro‘yxatida mavjud.

Teglar

Mavzuga oid