Toshkent bozorlari 2025 yilda qancha foyda qildi?
Poytaxtdagi dehqon bozorlari 2025 yilda foydasini sezilarli ko‘paytirdi. Faqatgina «Qo‘yliq» dehqon bozori foydasi keskin pasaydi. Qaysi bozor eng daromadli bo‘ldi? Batafsil:

2025 yil Toshkent shahridagi bozorlar uchun moliyaviy jihatdan ijobiy yil bo‘ldi. Aksariyat bozorlar avvalgi yilga qaraganda foydasini sezilarli oshirishga erishdi.
Vaqt.uz poytaxtdagi bozorlarning moliyaviy hisobotini tahlil qilib, ularni bir joyga to‘pladi.

Eng ko‘p foyda qilgan dehqon bozori «Askiya» bo‘ldi. Bozorning yil davomidagi foydasi 7,95 mlrd so‘mni tashkil qildi. 2024 yilgi foyda atigi 4,1 mln so‘m bo‘lgandi.
6,2 mlrd so‘m foyda bilan «Mirobod» dehqon bozori ikkinchi o‘rinni egalladi. Bozor foydasi bir yilda 1,8 mlrd so‘mga ko‘paydi.
Kuchli uchlikni «Farhod» bozori (3,7 mlrd so‘m) yopib bergan bo‘lsa, «Chorsu» bozori (3,1 mlrd so‘m) to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.
Poytaxtdagi dehqon bozorlari orasida «Yunusobod» dehqon bozorining moliyaviy ko‘rsatkichi barqaror darajada qoldi. Bozor foydasi 50 mln so‘mga ko‘payib, 2,6 mlrd so‘mni tashkil qildi.
«Qo‘yliq» dehqon bozori foydasi esa bir yilda 1,6 mlrd so‘mga qisqarib, 557,3 mln so‘mga tushib ketdi.
Boshqa dehqon bozorlarining ko‘rsatkichlari bilan jadvalda tanishish mumkin.
Bundan tashqari, boshqa bozorlardan «Sergeli» avtomobil bozori 2025 yilda 18,85 mlrd so‘m sof foyda olib, sezilarli o‘sishga erishdi.





