Peshlavhalar olindi, lekin reklama joyida: qalovini topgan tadbirkorlar
Toshkentda tashqi reklamalarga qarshi kuchaygan reydlar ortidan peshlavhalarning olib tashlanishi, ustiga ustak, kompensatsiya to‘lanmagani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Biroq ayrim tadbirkorlar reklama qilishning yangicha va qonuniy yo‘lini topishga ulgurishdi.

Toshkent shahrida 2025-yilning aprel oyidan noqonuniy tashqi reklamalarga qarshi reydlar boshlandi. 2026-yilning fevraliga kelib bu jarayon yanada avj oldi.
Shahar ma’muriyati savdo obyektlarining peshlavhalarini ham ushbu «tozalash» ishlari ro‘yxatiga kiritdi. Biroq, peshlavhalarning hech qanday ogohlantirishsiz buzib tashlanishi tadbirkorlarning jiddiy e’tirozlariga va jamoatchilik faollarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.

Hokimiyatning pozitsiyasi qanday?
Poytaxt hokimligi bu holatni Vazirlar Mahkamasining 2023-yil sentabrdagi qarori (10-bandi) bilan izohlamoqda. Unga ko‘ra, maydoni 1 kvadrat metrdan oshadigan peshlavhalar, hatto unda faqatgina kompaniya yoki brend nomi yozilgan bo‘lsa ham, reklama hisoblanadi.
«Yonma-yon joylashgan kompaniyalar o‘zaro raqobatlashib, peshlavhalarini qo‘shnilarinikidan kattaroq qilishga intilishadi va oqibatda bu qonunbuzilishlarga olib keladi», — deya ta’kidlamoqda ma’muriyat.
Natijada, poytaxtning ayrim ko‘chalaridagi savdo nuqtalari yarim yildan oshiq vaqtdan beri peshlavhasiz ishlashga majbur bo‘lmoqda. Bu esa tadbirkorlarning daromadiga salbiy ta’sir qilibgina qolmay, kerakli manzilni topolmayotgan iste’molchilar uchun ham qator noqulayliklar tug‘diryapti.
Eslatib o‘tamiz, VAQT.UZ avvalroq ushbu masala yuzasidan tadbirkorlar va mas’ullarga mikrofon tutgan edi.
Tadbirkorlarning «kreativ» yechimi
Har qanday murakkab vaziyatdan chiqish yo‘lini topadigan uddaburon tadbirkorlar bu muammoga ham o‘ziga xos yechim topdi. Tashqi peshlavhalardan mahrum bo‘lgan biznes egalari endilikda qonuniy imkoniyatlardan foydalanib, reklamani do‘kon ichiga ko‘chirishmoqda.
Aniqrog‘i, brend nomlari va reklamalar endi ko‘chada emas, balki oynavand vitrinalar ortida — bino ichida joylashtirilgan holda, parda, jalyuzi yoki yirik monitorlar orqali namoyish etilmoqda. Bu esa tashqi reklama talablarini chetlab o‘tish imkonini bermoqda.

Eng muhimi, bino ichida joylashtirilgan bunday reklama uchun alohida ruxsatnoma yoki «pasport» talab etilmaydi. Shuningdek, shahar hokimligi xususiy mulk hisoblangan ichki hududdagi konstruksiyalarni o‘zboshimchalik bilan buzish vakolatiga ega emas. Ko‘rinishidan, tadbirkorlar qonun doirasida cheklovlarni aylanib o‘tishning «samarali formula»ni topishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur videoda tadbirkorlar do‘kon ichiga o‘rnatilgan televizor va LED ekranlar orqali reklama qilishni taklif qilib, bu usul orqali qo‘shimcha xarajatlardan qochish mumkinligini ta’kidlashmoqda. Ayrimlar hatto vitrina ustidagi naveslarga brend nomlarini joylashtirish orqali yana bir qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanayotganini aytishmoqda.
Shu o‘rinda, VAQT.UZ shahar bo‘ylab olib tashlangan tashqi reklama va ichki reklamalar o‘rnatilgan peshlavhalarni suratga oldi.



Qonunchilik nima deydi?
Amaldagi qonunchilik ham bunday yondashuvni cheklamaydi. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 32-moddasiga ko‘ra, binolar ichiga joylashtirilgan reklama ichki reklama hisoblanadi va uning o‘lchami mulk egasi tomonidan mustaqil belgilanadi. Biroq bunday reklama davlat organlari, ta’lim muassasalari binolarida joylashtirilishi taqiqlangan.
«Binolarning ichiga joylashtiriladigan reklama ichki reklamadir. Ichki reklamani joylashtirish o‘lchamlari u joylashtirilgan joyning egasi tomonidan belgilanadi.
Ichki reklamani davlat organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining binolariga joylashtirish taqiqlanadi, bundan ijtimoiy axborot va qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno», – deyiladi qonunda.
Shuningdek, soliq masalasiga aniqlik kiritish maqsadida VAQT.UZ Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi G‘anixo‘jayeva Nilufarxondon savol bilan murojaat qildi — agar reklama do‘kon ichiga joylashtirilsa, u uchun alohida soliq to‘lanadimi?
Uning izohiga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda reklama uchun alohida, mustaqil soliq turi mavjud emas. Ya’ni tadbirkor reklama joylashtirgani uchun alohida soliq to‘lamaydi. Biroq bu reklama faoliyati umuman soliqqa tortilmaydi, degani emas. Reklama bilan bog‘liq faoliyat ham tadbirkorlikning bir qismi sifatida umumiy soliq tizimi doirasida hisobga olinadi.
Xususan, agar tadbirkorlik subyektining yillik daromadi 1 milliard so‘mgacha bo‘lsa, u holda aylanmadan olinadigan soliq to‘lanadi. Agar daromad ushbu chegaradan oshsa, unda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va foyda solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga keladi. Bundan tashqari, faoliyat turi, xizmat ko‘rsatish shakli va soliq solish obyektiga qarab boshqa soliqlar ham qo‘llanilishi mumkin.
Shu jihatdan qaraganda, reklama do‘kon ichiga joylashtirilgani uchun soliqdan to‘liq ozod qilinadi, degan fikr to‘liq to‘g‘ri emas. Aslida, bu yerda gap alohida reklama solig‘i yo‘qligi haqida bormoqda, xolos. Tadbirkor baribir o‘z umumiy daromadi va faoliyatidan kelib chiqib soliq to‘lashda davom etadi.
Biroq qonunchilikda aynan tashqi reklama bilan bog‘liq alohida to‘lovlar mavjud. Jumladan, tashqi reklama konstruksiyalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish uchun maxsus yig‘im joriy etilgan.
2023-yil 1-dekabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasining 428-sonli qaroriga muvofiq, tashqi reklama konstruksiyasini o‘rnatish va unda reklama joylashtirish huquqi uchun yagona oylik yig‘im amaliyotga kiritilgan. Ammo ichki reklama bilan bog‘liq bunday talab haqida ma’lumot yo‘q.
Huquqlar buzilganda tug‘ilgan «kreativlik»
Peshlavhalar atrofidagi bu vaziyat boshqa bir haqiqatni yuzaga chiqardi: ma’muriy bosim va asossiz cheklovlar bilan tadbirkorlarni to‘xtatib bo‘lmaydi. O‘z mulkidan ogohlantirishsiz va kompensatsiyasiz mahrum qilingan tadbirkorlar muqobil yo‘l topishga majbur bo‘ldi.
Bu holat shuni ko‘rsatadiki, qonun ustuvorligi va mulk daxlsizligi ta’minlanmagan, huquqlar buzilgan joyda doimo cheklovlarni aylanib o‘tishning yangi, «kreativ» yo‘llari paydo bo‘laveradi. Ya’ni, qonunlarning biror joyida taqiqlanmaganmi, demak — mumkin.
Aytaylik, ushbu suratdagi kabi, do‘konning ko‘chaga qaragan oynavand to‘siq ortida manekenlar va brend nomini chiroqlar bilan bezatib joylashtirsa unga nima deb e’tiroz qilish mumkin?

Tashqi peshlavhalarning do‘kon ichidagi LED-ekranlar va jalyuzilarga aylanishi shunchaki texnologik yechim emas — bu o‘z mulkiga o‘zi xo‘jayin bo‘lolmagan tadbirkorlarning majburiy himoya reaksiyasidir. Biznes har doim o‘z yo‘lini topadi, ammo eng yomoni, tadbirkorlar endi kuch va resursini biznesni rivojlantirishga emas, sun’iy to‘siqlarni aylanib o‘tishga sarflamoqda.
Teglar






