AQSH-Eron mojarosining 50-kuni
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ma’lum shartlar asosida qayta ochdi. Biroq, AQSHning Eron portlariga nisbatan qamali davom etadigan bo‘lsa, Tehron bo‘g‘ozni yana yopib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.
© [Khaled Abdullah/Reuters]Eron rasmiylari AQSH prezidenti Donald Trampning muzokaralar jarayoni haqidagi da’volarini rad etdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida keskinlik hamon saqlanib qolayotgan bir vaqtda, tomonlarning bayonotlari o‘rtasidagi jiddiy qarama-qarshiliklar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Shunga qaramay, Tramp o‘zaro kelishuvga erishish yo‘lida hech qanday «to‘siqlar» qolmaganini ta’kidladi. Biroq u bitim yuz foiz to‘liq yakunlanmaguncha qamal davom etishini qat’iy ma’lum qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchining bildirishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi hamda avvaldan tasdiqlangan dengiz yo‘nalishlariga muvofiq, ma’lum shartlar asosida savdo kemalari uchun to‘liq ochiq. Ammo Tehron AQSHning Eron portlariga nisbatan qamali davom etgan taqdirda, bo‘g‘ozni yopish tahdidini yana bir bor eslatib o‘tdi.
Erondagi vaziyat
· Boyitilgan uran masalasi: Eron Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning boyitilgan uran zaxiralari hech kimga berilmasligini ta’kidlab, Tehron ularni topshirishga rozi bo‘lgani haqidagi Trampning da’volarini qat’iyan rad etdi.
· Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi to‘lovlar rejasi: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida «an’anaviy» tranzit to‘lovlarini joriy qilmasligini ma’lum qildi. Ammo xavfsizlik qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiyning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda kema egalaridan «bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlaganlik uchun» haq undirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Rizoiyning ta’kidlashicha, kemalar bo‘g‘ozdan faqat Eron rasmiylari bilan oldindan kelishilgan holdagina o‘tishi mumkin. Dushman davlatlarning harbiy kemalari, xususan, AQSH va Isroil kemalarining harakatlanishi esa butunlay taqiqlanadi.
Urush diplomatiyasi
· Livan va Isroil o‘rtasidagi kelishuv: Prezident Jozef Aunning ta’kidlashicha, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng Livan uzoq muddatli bitimlarning «yangi bosqichiga» qadam qo‘ymoqda va bundan buyon «boshqalarning urushi uchun jang maydoni» bo‘lmaydi.
· Fransiya va Buyuk Britaniyaning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi missiyasi: Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning ma’lum qilishicha, Fransiya va Buyuk Britaniya «sharoit imkon berishi bilan» Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarning erkin harakatlanishini himoya qilish bo‘yicha ko‘p millatli sa’y-harakatlarga boshchilik qiladi.
· Xitoyga ehtimoliy tashrif: Trampning qayd etishicha, Xitoy raisi Si Jinping Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, Tramp Xitoyga «tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan» tashrif bilan borishiga ishora qilgan.
· Yamanda husiylarining Livanni qo‘llab-quvvatlash namoyishi: Sano shahrida bo‘lib o‘tgan namoyishda yig‘ilganlar Livan bilan birdamligini bildirishdi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va Yamanning shimoliy qismini nazorat qiluvchi qurolli husiylar harakati, zarurat tug‘ilgan taqdirda, urushga qo‘shilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ko‘rfazdagi vaziyat
· Nozik tiklanish jarayoni: Saudiya Arabistoni moliya vaziri Muhammad al-Jadaan Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishini olqishladi, biroq vaziyat hanuz qaltis ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlar ishlab chiqarishni tezda tiklashi mumkin bo‘lsa-da, boshqalariga yetkazilgan zarar ko‘lamiga qarab buning uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.
AQSHdagi vaziyat
· AQSH Rossiya nefti bo‘yicha imtiyozni uzaytirdi: Moliya vazirligi boshqa davlatlarga sanksiya ostidagi Rossiya neftini dengiz orqali 16-mayga qadar xarid qilishga ruxsat beruvchi imtiyoz muddatini uzaytirdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — urush sababli yuzaga kelgan uzilishlar sharoitida dunyo bozoridagi ta’minotni barqarorlashtirishdir.
· Eron portlaridagi qamal o‘z kuchida: AQSHning harbiy-dengiz qamali hamon davom etmoqda. AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotlariga ko‘ra, 21 ta kema Eron portlaridan ortga qaytish haqidagi buyruqqa bo‘ysungan.
· Tramp Eron bilan muzokaralarda bosimni kuchaytirmoqda: AQSH prezidenti muzokaralar «juda yaxshi kechayotganini» ta’kidladi, ammo o‘zaro bitimga erishilmasa, o‘t ochishni to‘xtatish tartibi uzaytirilmasligidan ogohlantirdi. Shuningdek, u Tehron o‘zidagi boyitilgan uranni topshirishi mumkinligini iddao qildi, biroq Eron tomoni buni keskin rad etdi.
· Tramp NATOning taklifini rad etdi: AQSH prezidenti NATOning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yordam berish taklifini inkor qilib, alyansni «qog‘oz yo‘lbars» deb atadi va undan «uzoqlashishni» talab qildi.
Isroildagi vaziyat
· Isroilning Livanga zarba berishi «taqiqlandi»: Trampning ma’lum qilishicha, AQSH Isroilga Livan hududi bo‘ylab hujumlarni davom ettirishni taqiqlagan va bu borada «endi yetar», deb bayonot bergan.
· Netanyaxu harbiy harakatlar tugamaganini aytmoqda: Isroil bosh vaziri «Hizbulloh»ga qarshi amaliyotlar hali yakuniga yetmaganidan ogohlantirdi. U «Biz hali ishimizni oxiriga yetkazganimiz yo‘q», deya asosiy maqsad «Hizbulloh»ni butunlay yo‘q qilish ekanini qo‘shimcha qildi.
Livandagi vaziyat
· Sulh e’lon qilinganiga qaramay, qurbonlar bor: Livan davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tartibi kuchga kirganiga qaramay, mamlakat janubida Isroilning mototsiklga uyushtirgan hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.
· Isroil Livanda qariyb 2300 kishining umriga zomin bo‘ldi: Livan sog‘liqni saqlash vazirligining Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi urushda e’lon qilingan sulhning birinchi kunida ma’lum qilishicha, 2-martdan beri Isroil hujumlari oqibatida 2300 ga yaqin odam halok bo‘lgan.
· Livan urushi — «mustamlakachilikka qarshi so‘nggi jang»: Tahlilchi Rami Xuriyning ta’kidlashicha, bu mojaro Eronga aloqador guruhlarning G‘arb ta’siriga qarshi o‘nlab yillar davom etgan kurashini aks ettiradi va bunda Livan janubi asosiy markaz vazifasini o‘tamoqda. Tahlilchining fikricha, Isroilning «xavfsizlik hududi» yaratishga bo‘lgan urinishi «Hizbulloh» va Eron tomonidan to‘xtatildi. Bu holat esa mojaroni harbiy keskinlikdan muzokaralar bosqichiga ko‘chirishi mumkin.
Dunyo iqtisodiyoti
· Neft narxi pasaydi, aksiyalar qimmatlashdi: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishini e’lon qilganidan so‘ng, 17-aprel kuni Uoll-strit birjasida rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi. Buning ortidan «Brent» markali neftning bir barreli narxi qariyb 120 dollarlik eng yuqori cho‘qqidan 90,38 dollargacha tushib ketdi.
· «Boeing» uchun urushning foydasi: Kompaniya bosh direktorining ma’lum qilishicha, urush shu paytgacha «Boeing»ning mudofaa sohasidagi biznesini rivojlantirishga xizmat qilgan. Shuningdek, bu holat aviayoqilg‘i narxining oshishidan qiyinchiliklarga duch kelayotgan aviakompaniyalarga samolyotlar yetkazib berish jarayoniga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmagan.





