Telegram Rossiyadagi bloklashga chap beruvchi funksiyani ishga tushirdi
Rossiyada bloklangan «Telegram» kutilmaganda yana ishlay boshladi. Messenjer cheklovlarni chetlab o‘tish uchun yangi maxfiy va noodatiy usulni qo‘llagan.

«Telegram» messenjeri Rossiyada «Roskomnadzor» tomonidan o‘rnatilgan bloklarni muvaffaqiyatli aylanib o‘tishni boshladi. 17-aprelga o‘tar kechasi dastur ba’zi rossiyalik foydalanuvchilar uchun hech qanday qo‘shimcha vositalarsiz qayta ishlay boshlagan.
«Kod Durova» loyihasining qayd etishicha, ularda barcha funksiyalar hech qanday proksi yoki VPN’siz muammosiz ochilmoqda. Biroq «iPhone» va komputer foydalanuvchilari uchun bu imkoniyat hali ishga tushirilmagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozircha bu antiqa funksiya faqatgina pullik, ya’ni «Premium» obunaga ega bo‘lgan foydalanuvchilarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Boz ustiga, ayni bosqichda bu yangilik faqatgina «Android» operatsion tizimida va dasturning so‘nggi versiyasidan foydalanayotganlarda to‘g‘ri ishlamoqda.
Ularning qurilmalaridagi sozlamalarda faol sessiyalarning geolokatsiyasi to‘satdan AQSHga o‘zgarib qolayotgani kuzatilgan.
Bloklanish tarixi va cheklovlar
Eslatib o‘tamiz, mart oyida messenjerning Rossiyadagi barqaror ishlashi deyarli nolga tushib qolgan va tizim VPN’siz ishlamay qolgan edi. Jumladan, 15-16-mart kunlari tarmoqda o‘n minglab uzilishlar qayd etilgan. Bundan tashqari, o‘tgan yili tarmoq orqali qo‘ng‘iroqlar bloklangan bo‘lsa, 2026-yil boshidan mediafayllarni yuklashda ham jiddiy muammolar yuzaga kelgandi.
Ushbu cheklovlar fonida rossiyaliklar ommaviy ravishda Osiyo messenjerlariga o‘ta boshladi. Natijada Turkiyaning «BiP» dasturi auditoriyasi bir oy ichida 105 foizga o‘sib, 1,68 mln foydalanuvchiga yetdi.
Janubiy Koreyaning «KakaoTalk» ilovasi 82 foizga o‘sib, 436,4 ming kishini jalb qilgan bo‘lsa, Xitoyning asosiy tarmog‘i sanalmish «WeChat» messenjeridagi rossiyaliklar soni 1,15 mln kishidan oshdi.
Darvoqe, «Telegram» so‘nggi bir hafta ichida 600 mingdan ortiq kanal va guruhlarni bloklagani ma’lum qilinmoqda. 2026-yil boshidan buyon bloklangan kanallar va guruhlar soni 12,7 mlndan oshgan.


