add

Yuk temiryo‘l stansiyalari Toshkentdan tashqariga ko‘chirilishi mumkin

Toshkentda yuk oqimini optimallashtirish maqsadida Yangiyo‘l va Yangi Toshkent yaqinida yangi stansiyalar qurilishi taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, poytaxtni aylanib o‘tuvchi yangi temir yo‘l qurilishi rejalashtirilgan.

Yuk temiryo‘l stansiyalari Toshkentdan tashqariga ko‘chirilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni temir yo‘l sohasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda asosiy e’tibor yuk tashish samaradorligini oshirish, tranzit imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va infratuzilmani takomillashtirishga qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «O‘zbekiston temir yo‘llari» 2024 yilni 47 mlrd so‘mlik sof foyda bilan yakunlagan. «Temiryulkargo» kompaniyasi tashkil etilgani orqali yuk vagonlaridan foydalanish samaradorligi ikki barobar oshgan. Lekin salohiyat hali to‘liq ishlatilmayotgani ta’kidlandi. Xususan, tranzit yuk tashish hajmini 40 foizga oshirish orqali daromadni ikki barobarga ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi. Ilk bor Xitoy — Turkiya yo‘nalishida yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgani bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Hozirda tashqi yuklarning 70 foizi Chuqursoy stansiyasi orqali tashilmoqda, bu esa ortiqcha vaqt va xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababli, yuk stansiyalarini Toshkentdan tashqariga ko‘chirish Yangiyul va hamda Yangi Toshkent yaqinida yangi, yirik stansiyalar qurish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, poytaxtni aylanib o‘tadigan «Ozodlik — Yangiyer» temir yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali Farg‘ona vodiysi bilan boshqa hududlar o‘rtasidagi yuk tashish Toshkentga kirmasdan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Samarqand — Urgut temir yo‘li loyihasi bo‘yicha ham ishlar boshlangan, 7 km temir yo‘l izlari yotqizilgan. Yo‘lovchilar uchun vokzallardagi xizmatlar sifatini oshirish, turizmga mos qulayliklar yaratish va avtoturargohlarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Elektropoyezdlar olib kelish va umumiy xizmat darajasini oshirish bo‘yicha rejalar bildirildi.

Teglar

Mavzuga oid