
2024 yilda o‘zbekistonliklar Shengen vizasi uchun rekord darajada ariza topshirdi
10.07.2025 | 18:409053
2024 yil davomida o‘zbekistonliklar tomonidan Shengen vizasi uchun 58 mingdan ortiq ariza topshirildi. Bu 2023 yilga nisbatan 26 foizga ko‘p bo‘lib, viza berish darajasi 88 foizni tashkil qildi. Eng ko‘p viza Germaniya tomonidan berildi.

SchengenVisaInfo portali ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Shengen vizasi uchun jami 58 691 ta ariza topshirildi. Bu 2023 yildagi 46 503 ta arizaga nisbatan 26,2 foizga ko‘p. Ariza topshirish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 35-o‘rinni egalladi.
Viza berish darajasi 88 foizni tashkil qildi. Jami 51 604 ta ariza konsulliklar tomonidan ma’qullangan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 33 foizga oshgan. Eng ko‘p arizalar Germaniya konsulliklariga topshirilgan bo‘lib, ular 19 329 tani tashkil qilgan. Ulardan 15 525 tasi tasdiqlangan.
Eng yuqori ma’qullash darajasi Bolgariyada qayd etilgan — 133,4 foiz. Ayni paytda Shveysariya 2024 yil davomida O‘zbekiston fuqarolaridan birorta ham ariza qabul qilmagan. Polsha esa o‘zbekistonliklar uchun viza berishni rad etish bo‘yicha yetakchi davlat bo‘lib qolmoqda.
Jami arizalarning 32,88 foizi rad etilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 21 foizga yuqori. O‘zbekistonda har ming nafar aholiga 0,27 foiz rad etilgan ariza to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa mamlakatdagi viza siyosatiga katta qiziqish borligini ko‘rsatadi.
2024 yil 11 iyunigacha Shengen vizasi uchun ariza to‘lovi 80 yevro bo‘lgan. O‘zbekistonliklar jami 4,7 mln yevroga yaqin mablag‘ sarflagan bo‘lib, shundan 740 ming yevro rad etilgan arizalar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2014 yildan buyon Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston fuqarolaridan taxminan 26 mln yevro yig‘im olgan.





