Fabio Kannavaro o‘zi atrofidagi asosiy savollarga javob berdi
Italiyalik mutaxassis o‘zining yillik maoshi 4 million yevro ekani haqidagi xabarlar hamda jahon chempionatidan keyin Italiyaga dam olishga ketib qolgani haqidagi mish-mishlarga izoh berdi.
© Foto: UFAO‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro so‘nggi paytlarda o‘zi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
«Kimdir juda ko‘p yolg‘on ma’lumot tarqatgan. Balki bu mening xorijlik murabbiy ekanim bilan bog‘liqdir. Biz amal qilayotgan qoidalar Yevropa standartiga asoslangan. Terma jamoa ichida qandaydir «kalamush» borligi sababli ham shunday noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘payib ketdi», — dedi Kannavaro.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zidan avval ishlagan mahalliy murabbiy yaxshi natijalarga erishgan bo‘lsa-da, bu uni asossiz tanqid qilish uchun sabab bo‘la olmaydi.
Mish-mishlarga javob
Matbuot anjumanida Kannavaro jahon chempionatidan keyin Italiyaga dam olish uchun ketgani haqidagi xabarlarni ham inkor qildi.
Uning ta’kidlashicha, jahon chempionati yakunlanganidan keyin oxirigacha Nyu-Yorkda milliy terma jamoa bilan birga bo‘lgan. Superligadagi tanaffusdan foydalanib, uyiga borgan va chempionat qayta boshlanganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, o‘yinlarni kuzatishni davom ettirgan.
Kannavaro, shuningdek, terma jamoani avvaldan jahon chempionatida yuqori sur’atdagi o‘yinlar kutayotgani haqida ogohlantirganini eslatdi.
«Ko‘pchilik mundialda qiyinchilikka duch kelmaymiz deb o‘ylagandir, lekin men bu haqda oldindan ogohlantirgandim», – dedi u.
Maosh haqida
Italiyalik mutaxassis o‘zining yillik maoshi 4 million yevro ekani haqidagi xabarlarni ham rad etdi.
«Mening yillik maoshim 4 million yevro emas. Afsuski, negadir bunday axborot qayta-qayta takrorlanyapti, lekin bu noto‘g‘ri axborot», — dedi Kannavaro.
Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi murabbiyning yordamchilariga alohida maosh to‘lanishi haqidagi gaplarga ham oydinlik kiritdi. Ma’lum qilinishicha, Kannavaro bilan ishlayotgan yordamchi murabbiylarga assotsiatsiya tomonidan alohida ish haqi to‘lanmaydi.





