Logo

O‘zbekistonda har uchinchi kadastr arizasi rad etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevga kadastr tizimidagi mavjud muammolar va xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha yangi takliflar taqdimot qilindi.

O‘zbekistonda har uchinchi kadastr arizasi rad etilmoqda © sun'iy intelekt

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va aholi hamda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirishga oid takliflar taqdim etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda 1 million 200 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilib, qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlangan. Shuningdek, 270 ming obyekt kadastr bazasiga kiritilib, budjet uchun yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratilgan. Hozirda kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, taqdimotda sohada aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan tizimli muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan 1 milliondan ortiq arizaning 330 mingtasi, ya’ni qariyb 30 foizi rad etilgan.

Ortiqcha to‘siqlar saqlanib qolmoqda

Taqdimotda arizalarni ko‘rib chiqish jarayonining haddan tashqari murakkabligi tanqid qilindi. Masalan, bitta hovlini aka-uka o‘rtasida bo‘lish uchun to‘rtta, merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi. Ayrim hollarda bitta ariza tuman, viloyat va respublika bosqichlarida 30–50 ta jarayondan o‘tib, 15–20 kun vaqt sarflanadi.

Shuningdek, markazlashgan qaror qabul qilish tizimi fuqarolar uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratayotgani ta’kidlandi. Xususan, noturar obyekt toifasini o‘zgartirish uchun viloyat yoki respublika darajasidagi idoralar roziligi talab qilinadi.

Bundan tashqari, agentlikning boshqaruv tizimi ham tahlil qilindi. Hozirgi tizimda xodimlarning 56 foizi rahbar va nazoratchilardan, 44 foizi esa ijrochilardan iborat. 700 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, xodimlarning 40 foizi mutaxassisligi bo‘yicha ishlamayotgani aytildi.

Yangi tartib

Takliflarga ko‘ra, kadastr xizmatlari bosqichma-bosqich quyi bo‘g‘inga tushiriladi va hududiy bo‘linmalar vakolatlari kengaytiriladi. Respublika darajasidagi xodimlarning kamida 30 foizi tumanlarga o‘tkaziladi, Kadastr palatasi va xizmat ko‘rsatish tuzilmalari birlashtiriladi.

Shuningdek, «bitta ariza — bitta to‘lov» tamoyili joriy etilib, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganda ariza avtomatik shakllantiriladi. Bu yiliga 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablag‘ini tejash, 200 mingta ortiqcha arizani qisqartirish imkonini beradi. Ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni esa to‘liq onlayn shaklga o‘tkazilib, 10–15 kunlik jarayonni bir necha soniyagacha qisqartirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish, ko‘chmas mulk huquqini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaganlarga birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish taklif qilindi.

Prezident mutasaddilarga xizmatlarni soddalashtirish, ortiqcha bosqich va to‘lovlarni qisqartirish hamda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda har uchinchi kadastr arizasi rad etilmoqda | Vaqt.uz